Havotozalagichlar uchun boj bekor bo‘ldi

Jamiyat

image

Tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 24 noyabr kuni qabul qilingan “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmonida belgilangan.

Prezident farmoniga binoan, maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv lostlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421), lokal suv tozalash inshootlari (TIF TN kodi 8421) ham bojdan ozod etiladi.

Kecha, 24 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi.

Yig‘ilishda so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini haqli ravishda xavotirga solayotgani, bu holat tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, 20 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha  yetakchi o‘ringa chiqqandi. Mutaxassislar ifloslanishning ortishini, keskin harorat o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bunday sharoitda zararli zarralar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi. Havo sifatini yaxshilash uchun poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan voz kechildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt Toshkentda daraxtlar sonini ko‘paytirish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va atmosfera havosini tozalash maqsadida “Yashil belbog‘” va “Yashil koridor” loyihalari amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent ekologiya Havo tozalagich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing