Hatto, Qozog‘istonda ham mavjud bo‘lgan ingliz huquqi nega O‘zbekistonda yo‘q? So‘z Davletovga

Intervyu

Joriy yilning 14 dekabr kunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 25-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yalpi majlisdan so‘ng, Adliya vaziri Ruslan Davletov O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan ingliz huquqi bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga qisqacha intervyu berdi.

“Oddiy misol, qo‘shni davlat Qozog‘istonda ham moliyaviy markazlar uchun ingliz huquqini qo‘llash amaliyoti joriy etilgan. Inliz huquqining o‘ziga xos yaxshi jihatlari ko‘p. Shulardan biri u egiluvchan, ya’ni zamonaviy tendensiyalardan kelib chiqib amaliyotga tez moslashuvchan hisoblanadi.

Inliz huquqining ikkinchi va asosiy ustuni bu – sudlar mustaqilligi. Mazkur huquq tizimida sudlar mavqesi yuqori va ularning mustaqilligi asrlar davomida ta’minlanib kelingan. Sudlarning mustaqilligi ertaga har qanday investorni jalb qiluvchi asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Chunki investor sud uni himoya qilishiga va unga nisbatan biror davlat organi hech narsa qila olmasligiga ishonadi. Sud tomonidan zararini qoplab berilishiga ishonadi”, deydi Adliya vaziri.

Davletovga ko‘ra, Adliya vazirligiga Prezident farmoni bilan ingliz huquqini O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarga qo‘llash amaliyotining istiqbollarini o‘rganish bo‘yicha topshiriq yuklatilgan. Vazirlik tomonidan mazkur huquq tizimini bir necha davlatlar tomonidan qo‘llanilgan tajribalari o‘rganilgan. 

U shuningdek, ingliz huquqining korporativ huquqi, shartnomaviy huquqiy taraflari juda yaxshi tizimlashtirilganini ta’kidladi. Eng asosiysi, u yerda qonunlar barqaror, amaliyot vertikallashgan. Qonunni qo‘llash amaliyoti hamma yerda bir xil, kimdan so‘rasangiz ham bir xil javob olasiz. Bu nima degani? Huquqni qo‘llovchi har bir shaxs ertaga uning xatti-harakati nimaga olib kelishini oldindan biladi.

Lekin ingliz huquqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonga tadbiq etilmasada, uning vaqt sinovidan o‘tgan eng ilg‘or g‘oyalari, ayrim elementlarini yangi ishlab chiqilayotgan fuqarolik kodeksiga kiritilishiga vazirlik xayrixoh ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari Toshkent shahrida yuristlar, vazirliklar va idoralar mutaxassislari, ingliz huquqi sohasidagi milliy va xorijiy ekspertlar Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “English Law Day in Tashkent” (“Toshkentda ingliz huquqi”) xalqaro konferensiyasida jam bo‘lishgandi.

Konferensiyada Ruslan Davletov mamlakatda davlat boshqaruvining yangi modeliga o‘tish bo‘yicha tub ma’muriy islohotlar olib borilayotgani, biznesdagi byurokratik protseduralarni minimallashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotgani, biznes va investitsiya kiritishda qulay sharoitlar yaratish maqsadida iqtisodiyot erkinlashtirilishi siyosati olib borilayotgani va sud-huquq sohasida kompleks choralar ko‘rilishi boshlanganini aytgandi.

Joriy yilning iyun oyida Adliya vazirligi delegatsiyasi Qozog‘istonga tashrifi doirasida “Astana” Xalqaro moliya markazining ingliz huquqini tatbiq etishga doir tajribasini o‘rgangandi. Tashrif yakuni bo‘yicha ushbu tizimni “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida joriy etish bo‘yicha ham takliflar tayyorlanganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vaziri Oliy Majlis

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing