Hasanboy Do‘smatov JCH g‘olibligiga asosiy da’vogar bokschiga qarshi ringga ko‘tariladi
Sport
−
26 Oktabr 2021
3817Bugun, 26 oktyabr kuni boks bo‘yicha Jahon chempionatida Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Hasanboy Do‘smatov o‘z ishtirokini boshlaydi. Birinchi bosqichdayoq unga Tokio Olimpiadasi sovrindori, qozog‘istonlik Saken Bibosinov raqiblik qiladi. Har ikki charm qo‘lqop ustasi ham 51 kg vazn toifasida g‘oliblikka asosiy da’vogar. Qur’a natijasiga ko‘ra, ushbu juftlik g‘olibiga ikkinchi va uchinchi bosqichda ham saralangan bokschilar raqiblik qiladi.
Ushbu jangchilar shu paytga qadar bir-biriga qarshi to‘qnash kelmagan, Bibossinov esa havaskor boksda aktivroq. Chunki, Do‘smatov 2019 yildan buyon havaskor boksda ringga ko‘tarilmagan.
Lekin, Angrenda o‘tgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida QALAMPIR.UZ muxbirining: “2017 yilgi Jahon chempionati finalidagi Hasanboy Do‘smatov hozirgisidan kuchliroqmi?” deya bergan savoliga bokschi quyidagicha javob bergan edi:
“2017 yilgi Jahon chempionati finalida mag‘lub bo‘lgandim. O‘ylashimcha, hozir undan ko‘ra yaxshiroq holatdaman. Chunki, Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng, televideniyedagi ko‘rsatuvlar, turli xil tadbirlar sababli mashg‘ulotlarga yetarlicha e’tibor qarata olmagandim. Shukrki, hozir hech kim bezovta qilgani yo‘q. Bunga o‘zim ham qarshilik qildim va shu muhit o‘z ustimda ishlashim uchun ma’qulroq. Kun tartibimiz rejadagidek o‘tmoqda, nasib qilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Eslatib o‘tamiz, jang Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi.
LiveBarchasi