Harri Keynga ritsarlik unvonini berish taklif qilindi
Sport
−
03 iyul 1665 2 daqiqa
Britaniya parlamenti deputati Layla Moran Angliya milliy terma jamoasi hujumchisi Harri Keynni futbolga qo‘shgan hissasi uchun ritsarlik unvoni bilan taqdirlashni taklif qildi. Bu haqda Liberal-demokratlar partiyasining rasmiy sayti xabar berdi.
“Harri Keyn maydonda ham, uning tashqarisida ham haqiqiy yetakchilik va mustahkam xarakter namunasini namoyon etdi. U mamlakatimizni buyuk qiladigan qadriyatlarni munosib tarzda ifoda etmoqda”,deyiladi Layla Moran tomonidan taqdim etilgan petitsiyada.
Shuningdek, deputat Keynning Jahon chempionati 1/16 finalida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘yinda urgan ikki goli unga mundiallar tarixidagi gollari sonini 13 taga yetkazish imkonini berganini ta’kidladi. Shu tariqa, angliyalik hujumchi ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha braziliyalik afsona Peleni ortda qoldirgan.
Keynning dubli evaziga Angliya Kongo Demokratik Respublikasini 2:1 hisobida mag‘lub etib, 1/8 finalga yo‘l oldi. Angliyaliklar ushbu bosqichda joriy yilning 6 iyul kuni turnir mezboni Meksikaga qarshi bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, Keyn 2018 yil Rossiya mezbonlik qilgan Jahon chempionatidan so‘ng Britaniya imperiyasi ordeni bilan taqdirlangan edi. Bu mukofot ritsarlik unvoniga olib boruvchi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.
Britaniya imperiyasi ordeni 1917 yilda qirol Jorj V tomonidan ta’sis etilgan. Orden besh darajadan iborat bo‘lib, eng yuqori ikki toifa sohiblariga avtomatik tarzda ritsarlik unvoni beriladi.
32 yoshli Harri Keyn hozircha kattalar o‘rtasidagi faoliyatida jamoaviy yirik sovrinni qo‘lga kiritmagan. Shu bois unga ritsarlik unvoni berilishi masalasi Britaniyada qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, Angliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted”ning sobiq yarim himoyachisi Devid Bekxem 2025 yilda, professional faoliyatini yakunlaganidan 12 yil o‘tib, ritsarlik unvoni bilan taqdirlangan edi.