Harbiy va Milliy gvardiya xizmatchilari YTHda yordam ko‘rsatmagani bo‘yicha izoh berildi

3-sahifa

image

Kecha, 29 noyabr kuni soat taxminan 3:40 larda Toshkentning Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan “Ramada” mehmonxonasi yaqinida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida Malibu yonib ketdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil yonayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Unda harbiy formadagi shaxslar va Milliy gvardiya xizmatchilari YTHga uchraganlarga yordam ko‘rsatmay, qochib ketgani aytilgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur YTH yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, fuqaro Z.S. boshqaruvidagi Malibu rusumli (d/r 01 F550 JB) avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.

Avtoulovda 33 yoshli N.F. ham bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, mashina daraxtga urilgan. O‘sha paytda ushbu yo‘nalishda harakatlanayotgan va avtohalokatga guvoh bo‘lgan haydovchilar Malibu haydovchisi va uning yo‘lovchisini qutqarib qolishgan hamda voqea guvohlaridan biri jabrlanganlarni o‘z mashinasida shifoxonaga olib borgan.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, Malibu haydovchisi va yo‘lovchisi yengil tan jarohati olgan, ularning holati qoniqarli deb baholanmoqda.

Voqea joyida fuqaro Z.S. va N.F. avtomobildan chiqarilganidan so‘ng, Malibu motor bo‘linmasida yong‘in sodir bo‘lgan, bu haqda guvohlardan biri “101” tez yordam raqami orqali xabar bergan. Yong‘in haqida chamasi soat 03:30 larda FVBga xabar berilgan, chaqiruv asosida voqea joyiga zudlik bilan yong‘in xavfsizligi xodimlari yetib borib, soat 03:54 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

Hozirgi vaqtda Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan avtohalokat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Ayni paytda Internet tarmoqlarida voqea videolavhasi tarqalmoqda, uning muallifi Malibu haydovchisi va yo‘lovchisi qutqarilib, kasalxonaga yetkazilganidan so‘ng voqea joyida bo‘lgan. Ammo video muallifi vaziyatni to‘liq tushunmay, aftidan, jamoatchilik o‘rtasida norozilik keltirib chiqarish, huquqni muhofaza qilish idoralarini salbiy tomondan ko‘rsatish maqsadida, forma kiygan odamlarga asossiz da’volar bilan murojaat qilgan. Shu bilan birga, videoning taglavhasida forma kiygan odamlar go‘yoki O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari ekanligi aytilgan. Aslida esa, uyali telefon kamerasining ob’ektiviga yaqin atrofdagi “Lokomotiv” parkining qo‘riqchilari tushib qolishgan”, deyiladi IIBB xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

YTH yong'in

Baholaganlar

511

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing