O‘zbekiston KXSHTga qaytadimi?

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

AQSH va NATO qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi ushbu mamlakatda yangi siyosiy muhit yuzaga keltirdi. Bu Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, xorijda O‘zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)da ishtiroki qayta tiklanishi mumkinligiga doir turli sharh va fikrlar paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida KXSHTga qaytish haqidagi fikrlarga munosabat bildirdi.

“Umuman olganda, tashqi tajovuz holatida qurolli kuchlardan foydalanish huquqi inkor etib bo‘lmaydigan hodisa va aksariyat mamlakatlarning xavfsizlik sohasidagi milliy konsepsiyalari, shuningdek, harbiy-siyosiy blok shaklidagi turli birlashmalar doktrinalarining ajralmas qismi hisoblanadi.

O‘zbekiston esa, hamisha barcha masalalarning, ayniqsa, uzoq o‘n yilliklar mobaynida barcha qo‘shni mamlakatlarda tashvish uyg‘otib kelgan Afg‘onistondagi nizoning tinch yo‘l bilan hal etilishini yoqlagan va yoqlaydi. Biz afg‘on muammosini hal etishning harbiy yo‘li yo‘q ekanini doimo ta’kidlab kelganmiz. Bugungi kunda jahon hamjamiyatida bu nuqtai nazarga ko‘pchilik xayrixohliq qilmoqda. Afg‘onistondan xalqaro koalitsiya qo‘shinlari olib chiqilgani ham bizning yondashuvimiz to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi”, deydi O‘zbekiston TIV rahbari.

Komilov O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi, jumladan, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasiga muvofiq, mamlakat harbiy bloklarda ishtirok etmasligi to‘g‘risida bir-necha bor bayonot berganini eslatgan.

“Bugungi kunda mamlakatimiz o‘z milliy xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli salohiyatga ega ekani ham amaliy jihatdan o‘ta muhimdir. O‘zbekistonda harbiy qurilish sohasidagi islohotlar muvaffaqiyatli bormoqda, milliy armiyaning harbiy-texnikaviy bazasi mustahkamlanmoqda.

Biroq xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga to‘qnash kelganda faqat harbiy kuch yo‘lini tanlash hamisha ham kutilgan natijani bermaydi. Axir samaradorligi kam bo‘lmagan va hatto ko‘pgina holatlarda xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga qarshi turishda lozim darajada ta’sirchan boshqa vositalar ham bor-ku. Ana shunday vositalardan biri, bu – diplomatiya”, deya ta’kidlagan Komilov.

Uning ta’kidlashicha, preventiv diplomatiya usullari o‘tgan davrda o‘zining foydali ekanini ko‘p bor tasdiqlagan, hozirgi paytda ham amaliy kuchini, jumladan, Afg‘onistondagi yangi vaziyatga yondashuvlarda tasdiqlamoqda.

“Bu yerda gap faqat ikki tomonlama diplomatiya haqida borayotgani yo‘q. Xalqaro miqyosda ko‘p tomonlama darajada milliy va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan har qanday ko‘rinishdagi tahdid va xavf-xatarlardan ogoh bo‘lishga qaratilgan siyosiy-diplomatik mexanizmlarning butun boshli tizimi yaratilgan va u doimiy ravishda rivojlanmoqda.

Masalan, Markaziy Osiyoda mintaqa mamlakatlari yirik sheriklar bilan muloqotining “5+1” shaklida muvozanatlashgan mexanizmlar tizimi mavjud. Bunday platformalar Rossiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi, XXR, Hindiston, Koreya Respublikasi, Yaponiya bilan munosabatlarda amal qilmoqda. Shuning bilan birgalikda, mintaqada KXSHTdan tashqari, MDH va SHHT singari tashkilotlar ham faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning doirasida dolzarb masalalar, xususan, mintaqaviy xavfsizlik ta’minlanishiga, shuningdek, Afg‘oniston muammosiga doir masalalar muhokama etilmoqda.

Yaqinda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan va Afg‘onistondagi vaziyatning muhokamasiga bag‘ishlangan KXSHT sammiti hamda SHHT+KXSHT formatidagi uchrashuvda O‘zbekiston faxriy mehmon, shuningdek, SHHT a’zosi sifatida ishtirok etgani ham vazmin va amaliy diplomatiyamizning tarkibiy jihati hisoblanadi.

Faol va ochiq siyosat natijasida O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari va jahondagi yirik davlatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdi. Ular bilan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi hamkorlik faol rivojlanib, harbiy-texnikaviy aloqalar muvaffaqiyatli ilgarilamoqda. Mintaqadagi hamkorlikning barcha qirralari yuzasidan sherik davlatlar bilan o‘rnatilgan muntazam muloqot mintaqaviy barqarorlik mustahkamlanishiga ko‘maklashmoqda, xavfsizlikka jiddiy tahdidlarning oldini olish uchun sharoit yaratmoqda.

Bularning barchasi xavf-xatarlarning oldini olish va ularga izchillik bilan qarshi turish bo‘yicha masalalarni samarali muhokama etish va o‘z vaqtida hal etish imkonini beradi”, deydi Komilov.

KXSHT qanday tashkilot?

KXSHTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Biroq, KXSHT yagona harbiy-siyosiy birlashma sifatida hech qachon harbiy harakatlarda qatnashmagan. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.

O‘zbekiston ushbu tashkilotning a’zosi bo‘lgan

Qayd etish kerakki, KXSHT asosi 1992 yili Toshkentda qo‘yilgan. O‘shanda ushbu shartnomani O‘zbekiston ham imzolagan. Biroq, rasmiy Toshkent 1999 yilda ushbu kelishuvga a’zolikni davom ettirishdan bosh tortgan. Oradan bin qancha muddat o‘tib, 2006 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi tiklangan. Keyin 2012 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi yana to‘xtatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

147

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing