Har yili besh yoshgacha bo‘lgan qariyb 5 mln bola vafot etmoqda – BMT

Olam

image

2024 yilda 4,9 million bola, jumladan, 2,3 million chaqaloq besh yoshga to‘lmasdan vafot etdi. Bu haqda BMT Yangiliklar xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu o‘lim holatlarining aksariyatini samaradorligi isbotlangan va hamyonbop chora-tadbirlar yordamida oldini olish mumkin.

“Bolalar o‘limi darajasi va tendensiyalari” ma’ruzasi shuni ko‘rsatadiki, garchi besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 2000 yildan beri ikki baravardan ko‘proqqa kamaygan bo‘lsa-da, 2015 yildan buyon progress sur’ati 60 foizdan ko‘proqqa sekinlashgan. Ma’ruza mualliflari butun dunyo bo‘yicha statistika hisobga olingan va o‘lim sabablari tahlil qilingan bunday tadqiqot birinchi marta o‘tkazilayotganini ta’kidlamoqda.

Bir oylikdan besh yoshgacha bo‘lgan 100 mingdan ortiq bola bevosita o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikning og‘ir shaklidan vafot etgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Pokiston, Somali va Sudanda qayd etilgan. Ekspertlarning ogohlantirishicha, haqiqiy raqamlar ehtimol ancha yuqori, chunki ochlik immunitetni zaiflashtiradi va boshqa xavfli kasalliklarga moyillikni oshiradi, ko‘plab holatlar esa statistikada hisobga olinmay qoladi.

Yuqumli kasalliklar jiddiy xavf bo‘lib qolmoqda: to‘qqizta infeksiya dunyodagi besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi holatlarining 43 foiziga sabab bo‘lmoqda. Hayotining birinchi oyidan keyin o‘limning asosiy sabablari sifatida bezgak, ichburug‘ va pnevmoniya qolmoqda.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar orasidagi o‘lim endilikda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining deyarli yarmini tashkil etadi, bu esa hayotning ushbu davridagi o‘limning oldini olishda progress sekinroq ekanini anglatadi. Asosiy sabablar – muddatidan oldin tug‘ruq bilan bog‘liq asoratlar, shuningdek, tug‘ruq paytidagi asoratlar va infeksiyalardir.

Beqaror va mojarolar davom etayotgan hududlarda yashovchi bolalarning besh yoshga to‘lmasdan vafot etish ehtimoli boshqa hududlardagi bolalarga qaraganda qariyb uch baravar yuqori. Ma’ruzada, shuningdek, 2024 yilda 5 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan 2,1 million bola, o‘smir va yoshlar vafot etgani qayd etilgan. Agar kichik yoshdagi guruhlarda yuqumli kasalliklar va jarohatlar o‘limning asosiy sababi bo‘lsa, o‘smirlik davrida xavflar tuzilishi o‘zgaradi: 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida o‘limning asosiy sababi o‘z-o‘ziga zarar yetkazish, o‘g‘il bolalar orasida esa yo‘l-transport hodisalaridir.

BMT vakillari tashqi yordamning qisqarishi ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasidagi sa’y-harakatlarga putur yetkazayotganidan ogohlantirmoqda.

Hisobotda bolalar salomatligiga yo‘naltirilgan investitsiyalar rivojlanish sohasidagi eng tejamkor choralardan biri ekani ta’kidlanadi. Vaksina, ovqatlanish dasturlari va tug‘ruq paytidagi malakali yordam millionlab hayotlarni saqlab qolishga qodir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi mojaro ochlikdan aziyat chekuvchilar sonining 45 million kishiga ko‘payishiga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

chaqaloq BMT ochlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing