Dunyoning keyingi 4 yillik siyosiy taqdiri hal qilinish pallasida
Tahlil
−
05 noyabr
82421980 yillarda – Sovet Ittifoqi zaiflashgan ilk davrlarda bir qutbli dunyo tizimi shakllana boshladi. Mazkur jarayon 1991 yilda sotsialistik lagerning rasman qulashi ortidan start oldi. Shu lahzalardan boshlab okean ortida 250 yil oldin tashkil topgan davlat va uning tepasidagi lider dunyo siyosiy atmosferasidagi haroratni keng miqyosda nazorat qilishi odatiy holga aylandi. Bu esa o‘sha paytdan boshlab, har bir amerikalik gardaniga har 4 yilda sayyora taqdirining keyingi 4 yilini belgilashdagi ulkan mas’uliyatni yukladi. Chunki ular har bir Qo‘shma Shtatlar prezidentiga yer yuzidagi mavjud shart-sharoit va muhitga mislsiz ta’sir o‘tkazishda yetarlicha imkoniyat taqdim etish huquqiga ega bo‘lib keldi. Demokratik tendensiyani uzluksiz davom ettirish, inson huquqlarining dunyo miqyosidagi himoyasi va shu kabi sa’y-harakatlar bilan bir qatorda tarix va kelajak tomonidan hech qachon unutilmaydigan qonli urushlar, dunyoning turli mintaqalaridagi qirg‘inlarga bevosita aloqador bo‘lib kelgan AQSH prezidentlari aynan amerikalik pasportiga ega shaxslarning xohish-irodasiga ko‘ra bu lavozimga kelgan. Ayni soatlarda esa Qo‘shma Shtatlar yana bir shunday o‘zgarish va keyingi bir necha yillik dunyo taqdirini ma’lum darajada belgilab beruvchi o‘ta muhim qaror qarshisida turibdi.
Yarim yillik keskinlikning so‘nggi soatlari
4 ta rasmiy ayblov, bir necha 10 yillik qamoq jazosi tahdidi va axloqsiz aktrisa bilan munosabatlar. Bularning barchasi Donald Trampning dunyo va mamlakat miqyosida to‘plagan obro‘sini chilparchin qilishi kerak edi. Biroq “jangchi” deya ta’riflanadigan Donald Tramp muammolar botqog‘ida bo‘lishiga qaramay, prezidentlik poygasiga kirishga erishdi va bu nomni bir qadar oqladi. U juda oz muddat ichida o‘z holatini o‘nglab oldi va saylovoldi yo‘lakchasidagi sprintga qaytdi. Uning qarshisidagi asosli va ba’zi sun’iy shlagbaumlar birin-ketin olib tashlandi. “Jangchi” qisqa vaqt ichida prezidentlikka yana qaytadan saylanishi mumkinligini isbotladi. Yoz oyining dastlabki kunlarida sodir bo‘lgan voqealarning barchasi aynan uning foydasiga ishladi. Masalan, 27 iyun kuni CNN telekanali tomonidan o‘tkazilgan teledebat Bayden va Tramp o‘rtasidagi prinsipial qarama-qarshilikdagi hal qiluvchi burilish nuqtasi bo‘ldi. Debat davomida ayyor Tramp naq 30 dan ortiq yolg‘on ishlatgan holda Baydenni yanchib tashladi. U bu bahs orqali butun demokratlar jamoasiga tushkunlik davrini “sovg‘a qildi”. Iyul oyining o‘rtalarida ro‘y bergan yil voqeligi esa Trampning Baydenni quvib o‘tishiga sabab bo‘ldi. Unga nisbatan uyushtirilgan suiqasd endilikda respublikachilarni poygada oldinga olib chiqqandi. So‘rovnomalar, tahlillar-u taxminlarning deyarli barchasi Trampning g‘alabasiga ishora qilayotgandi. Shu kundan boshlab Bayden demokratlar va ularning moliyaviy megadonorlari bosimi ostida qolib ketdi. 81 yoshli AQSH tarixidagi eng keksa va samarasiz prezident harchand urinmasin keng qarshiliklar oqimiga bardosh bera olmadi. Demokratlar ichida xaos boshlangandi va ular Baydenni o‘yindan chiqarishni bir amallab uddalashdi. Bu paytga kelib respublikachilar va ularning nomzodi Donald Tramp prezidentlik uchun yaqqol favorit bo‘lib olgandi. Bayden “ishdan chiqqan va yaroqsiz eski rusumdagi Ford mashinasi” sifatida ayyor, jismonan va ruhan tetik Trampga qarshi chiqishi amrimahol edi. Dastlabki teledebatdan so‘ng naqd 67 foiz tomoshabin Trampning g‘alabasiga ishora qilgandan so‘ng Baydenning qulashi yaqin ekani oydinlashdi. Shu payt demokratlarning moliyaviy ustunlari vaziyatni o‘zgartirish uchun og‘riqli qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. Prezidentlik uchun partiyadan ko‘rsatilishi kutilayotgan Bayden bilan “jang”ni davom ettirish deyarli imkonsiz bo‘lsa, saylovga oz qolganda nomzodni almashtirish va elektoratni shu shaxsga o‘rgatishning o‘zi ham yana bir muammo edi. Bu ikki yomon variant orasidan nisbatan “yaxshirog‘ini” tanlash kabi jarayon edi. Donorlar ikkinchisini tanlashga majbur bo‘ldi.
Shunday qilib, partiyadoshlarining chaqiriqlarini befarq qoldirmagan Bayden prezidentlik poygasidan chiqishga majbur bo‘ldi. Aniqrog‘i, chiqarildi va o‘zining vitse-prezidenti Harris nomzodini ilgari surdi. Bu esa kutilmaganda poygadagi intrigani yanada kuchaytirdi. Bayden Harrisga yo‘l bergan holda o‘z vaqtida poygadan chiqishi vaziyatni biroz bo‘lsa-da demokratlar foydasiga o‘ngladi. Harris kampaniyasi 24 soat ichida rekord miqdordagi 81 million dollar xayriya to‘pladi. Uning nomzodini demokratlar tarixidagi eng muhim figuralar qo‘llab-quvvatladi. Dastlab Klintonlar oilasi, undan so‘ng esa biroz kech bo‘lsa-da, Obamalar ham telefon qo‘ng‘irog‘i orqali Harrisga zafar tiladi. Shu paytdan boshlab amaldagi vitse-prezident katta tezlikda estafetani qo‘lga oldi. Hatto ayrim so‘rovnomalar Harrisning Tramp ustidan g‘alaba qozonishi mumkinligiga ham signal bera boshladi. Xususan, Harris “Reuters” va “Ipsos” agentliklari tomonidan o‘tkazilgan ilk milliy so‘rovnomalarning birida sobiq prezident Donald Trampni ortda qoldirdi. Harrisni respondentlarning 44 foizi, Trampni esa 42 foizi qo‘llab-quvvatladi. So‘rovda qatnashganlarning 56 foizi 59 yoshli Harrisning “o‘tkir aqli” va “qiyinchiliklarga dosh bera olishiga” ishonch bildirdi. 78 yoshli Tramp haqida esa faqat 49 foiz respondent shunday fikrda edi. Ammo keyinchalik “The New York Times” nashri va Siyena kolleji birgalikda o‘tkazgan tadqiqotda vaziyat biroz o‘zgargan holda ko‘rsatkichlar tarozini Tramp tomonga bosayotganligini ko‘rsatdi. Farq esa o‘tgan safargidek juda kichik, ya’ni 1 foizgina. Unga ko‘ra, saylovchilarning 48 foizi Donald Trampga, 47 foizi esa Kamola Harrisga ovoz berishga tayyor ekani ma’lum bo‘ldi. Bundan keyin o‘tkazilgan so‘rovlardagi raqamlar ham xuddi shu kabi “o‘ynoqilik” namoyish etgan holda bir safar Harrisga, boshqa safar esa Tramp tomonga tosh bosib keldi.
Amerikaliklar o‘z tanlovlarini boshladi
Bugun, 5 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovi boshlandi. Okean ortidan kelgan ilk xabarlarga ko‘ra, ovoz berish jarayoni an’anaga sodiq qolgan holda birinchi bo‘lib Nyu-Gempshir shtatining Diksvill-Notch qishlog‘ida boshlandi. Qishloq aholisi 5 noyabrga o‘tar kechasi tunda, mahalliy vaqt bilan soat 12:00 dan keyin o‘z tanlovlarini amalga oshira boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur qishloqda 1960 yildan beri shakllangan an’anaga ko‘ra, saylov uchastkasi mamlakatda birinchi bo‘lib ochiladi va natijalar darhol e’lon qilinadi. Saylov uchastkasi joylashgan “The Balsams” mehmonxonasi vakilining ma’lum qilishicha, qishloqning olti aholisi birinchilardan bo‘lib ovoz bergan. Unga ko‘ra, prezidentlikka har ikki nomzod – respublikachilardan Donald Tramp va demokratlardan Kamola Harris ham 3 tadan ovoz olgan. Bu esa ilk ovoz berishdagi natijalar ham Harris va Trampning ehtimoliy g‘alabasi haqida yarim yil davomida o‘tkazilgan so‘rovlarni deyarli takrorlaganini anglatadi.
Aslida AQSHda prezidentlik saylovida ovoz berish bir necha kun oldin boshlangandi. Bugungi kunda 333 milliondan ortiq aholi istiqomat qiluvchi Qo‘shma Shtatlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar soni 168 millionni tashkil qiladi. Rasmiy saylov kuniga qadar esa shular ichidan 78 milliondan ortig‘i allaqachon ovoz berib bo‘lgani qayd etildi. Bu esa shu kungacha ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 45 foiz amerikalik bu imkoniyatdan foydalanib bo‘lganini anglatadi.
Shtatlar kesimida eng yuqori ishtirok Texasda bo‘lib, u yerdagi saylovchilar soni salkam 9 millionga yaqin. Keyingi o‘rinlarda Florida (8,1 million), Kaliforniya (7,6 million), Shimoliy Karolina (4,4 million) va Jorjiya (4 million) kabi hududlar turadi. Ba’zi muhim va tebranuvchi shtatlar, jumladan Jorjiya, Michigan va Pensilvaniyada ham ovoz berish jarayoni boshlandi. Bu hududlar saylovda hal qiluvchi ahamiyatga ega deya e’tirof etiladi. Bundan tashqari Vashington, Alabama, Illinoys, Indiana, Luiziana, Massachusets, Missuri, Florida, Janubiy Karolina shtatlarida va boshqa bir qator hududlarda saylov uchastkalari ochilgan.
Bu dunyoning keyingi 4 yillik taqdirining katta qismini belgilab beruvchi qarorlar uchun Amerika fuqarolariga ochilgan eshiklardir. Endi ular ba’zi o‘lchovlar bo‘yicha Amerika tarixidagi eng yomon ikki tanlovdan birini tanlaydi. Biri, tiyiqsiz, qarorlari misli ko‘rilmagan va saylovdan bir necha oy ilgari qamoqqa tashlanishga asos bo‘luvchi jinoyatlar bilan ayblangan, ikkinchisi esa Baydenning muvaffaqiyatsiz debati va sog‘lig‘idagi muammolar tufayli noqulay sharoitlar ortidan, noilojlikdan ko‘rsatilgan nomzoddir. Ammo ular harchand tanqid qilinmasin, dunyo ideal va barcha talablarga javob beruvchi “farishta” liderga guvoh bo‘lmagan va Harris va Trampning ham o‘ziga xos nyuanslari borligini unutmaslik lozim. Ikkisining shu yergacha bosib o‘tgan yo‘li va endilikda amerikaliklarga berayotgan va’dalari ham bir-biridan keskin farq qiladi.
Harris yoki Tramp? Dunyo yoki Amerika?
Faoliyatining 20 yilini prokuror sifatida o‘tkazgan Harris bugun Qo‘shma Shtatlarning “internatsionalizm” siyosatini davom ettirishi va uning global qudratini saqlab qolishda tayanch ustun bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, Tramp doimgidek Qo‘shma Shtatlarning ichki hayotiga e’tibor qaratishi kutilyapti. Ammo 2015 yilda to‘satdan siyosatda ko‘rinish bergan milliarder siyosiy texnika va etiketdan biroz yiroq bo‘lsa-da, bugun uning ta’sir doirasi kengayishi va millionlab tarafdorlarga ega bo‘lishidagi asosiy sabab ham shu. Ya’ni u har saylovdan oldin o‘zining asosiy ishi sifatida amerikaliklarning hayot darajasiga e’tibor qaratishi hamda faqat amerikaliklar uchun ishlashiga ishora qiladi.
AQSH dunyoning turli chekkalaridagi harbiy bazalar faoliyati uchun har yili bir necha yuz milliardlab dollar byudjet ajratib, xalqaro mojarolardagi ishtiroki davomida uzoq yillardan buyon 9 trillion dollargacha mablag‘larni sarflab yubordi. Shunday sharoitda o‘z cho‘ntaklaridan sarflanayotgan bu pullarni o‘zlariga yo‘naltirishdan manfaatdor bo‘lgan ko‘plab amerikaliklar uchun Tramp tomonidan taklif qilinadigan konsepsiya jozibador bo‘lib ko‘rinishi mumkin.
Ammo Qo‘shma Shtatlar o‘tmishida “internatsionalizm”dan chekinish va ma’lum yillar izolyatsionizm siyosatini yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan anchayin tarix mavjud. Xususan, 1930 yillardagi global inqiroz sharoitida AQSHning o‘sha paytdagi yangi saylangan prezidenti Franklin Delano Ruzvelt xalqaro mamlakatning xalqaro masalalardagi ishtirokini keskin cheklagan holda neytralitet maqomida qat’iy turdi va izolyatsionizm siyosatini davom ettirdi. Qator davlatlardagi siyosiy mojarolar, fuqarolik urushlari va boshqa masalalarga bosh suqmadi. Qo‘shma Shtatlar hatto Ikkinchi jahon urushining dastlabki yillarida ham dunyo sahnasida deyarli ko‘rinish bermadi. AQSH tashqi siyosatidagi daftar o‘sha paytda “oppoq varaqlar”dangina iborat edi. Ammo vaqt o‘tib, bu siyosat xato bo‘lib chiqdi. Ammo AQSH siyosatdonlari mamlakatning uzoq yillik ushbu siyosati aslida noto‘g‘ri bo‘lganini anglaganda juda kech edi. Chunki bu mahalda Yaponiya floti AQSHning Tinch okeanidagi eng asosiy bazasi hisoblanadigan Pyorl-Xarborni yakson qilayotgandi. 1941 yil 7 dekabrda sodir bo‘lgan bu voqeadan so‘ng AQSH o‘zining to hozirgacha davom etib kelayotgan “internatsionalizm” siyosatiga qaytdi.
Ammo Trampning neytralitet maqomi va boshqa davlatlarning ishiga aralashmaslik siyosati Franklin Ruzveltnikidan keskin farq qiladi. U dastlab 2016 yili aynan shu va’dalar bilan hokimiyat tepasiga kelganiga qaramay, o‘zining bu konsepsiyasiga sodiq qolmadi. O‘z mandatining so‘nggi yillarida Yaqin Sharq borasidagi bir qancha keskin va tezkor qarorlari shular jumlasidandir. U bugun Ukrainaga qurol yubormaslik, Zelenskiy hukumatini moliyalashtirishni to‘xtatish va bu AQSH gardanidagi vazifa emasligi kabi signallar berish orqali ba’zi doiralarda yaxshigina “ochko” olishga erishdi. Ammo Yaqin Sharq Donald Tramp uchun sevimli “o‘yin maydoni” ekani va uning ultra isroilparastligi hisobga olinsa, milliarder siyosatchi prezidentlikka qayta saylangudek bo‘lsa, u tomonidan aytilgan “davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik” haqidagi so‘zlar quruq va’daligicha qolib ketish ehtimoli yuqori.
LiveBarchasi