Hamshira yoki sanitariya xodimi o‘rni 100 dollardan 1 000 dollargacha sotilmoqda – Yo‘ldoshev

Jamiyat

image

“Lavozimlarni pullashning mudhish oqibatlarini mutasaddilarimiz qachon tushunib yetadi. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, birgina hamshira yoki sanitariya xodimi o‘rni hududlar sharoitidan kelib chiqqan holda 100 dollardan 1 000 dollargacha sotilmoqda”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev. 

Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida  Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holalari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Bosh prokuror sohada avj olgan korrupsiya holatlarini qattiq tanqid ostiga oldi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri xabar bermoqda. 

Yo‘ldoshev fikrida davom etarkan, “Kadrlar bilan ishlashdagi bunday vaziyat, xodimlarning ijtimoiy himoyasi zaifligi nafaqt kadrlar qo‘nimsizligiga, balki tajribali va yetuk mutaxassislarning xususiy sektorga yoki chet davlatlarga ishga ketishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi. 

Uning qayd etishicha, tizimda ishga qabul qilish jarayonining shaffof emasligi turli suiiste’molchilik va tamagirlik holatlariga   sabab   bo‘lmoqda. 

Masalan, Navoiy shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i fuqaro K.ni hamshiralikka qabul qilish evaziga 500 dollar olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. 

Yoki, Andijon viloyat perinatal markazi rahbari ayrim xodimlari bilan til biriktirib, fuqaro U.ni kichik tibbiy xodim sifatida ishga qabul qilish evaziga 200 dollar olganda ushlangan. 

Birgina, respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazidan so‘nggi uch yilda 242 nafar mohir shifokor xususiy klinikalarga ishga o‘tgan yoki xorijiy  davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan.

“Byudjet mablag‘larining sarflanishi, o‘zaro hisob-kitob, pullik xizmat ko‘rsatish jarayonidagi tizimli kamchilik va nuqsonlar ham sohadagi asosiy korrupsiyaviy omillardan biri bo‘lib qolmoqda”, deydi Bosh prokuror. 

Yig‘ilish davom etmoqda. Tafsilotlarni QALAMPIR.UZ’da kuzating.
 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuror Nig'matilla Yo'ldoshev

Baholaganlar

191

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing