Hammani ogohlantiring: Venesuela hujumga uchradi – Kolumbiya Prezidenti

Olam

image

Bugun, 3 yanvar kuni Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Venesuela poytaxti Karakas harbiy hujumga uchrayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

“Hozir ayni paytda Karakas hujum ostida. Butun dunyoni ogohlantiring: Venesuela hujumga uchradi! Raketa zarbalari berilmoqda. Amerika davlatlari tashkiloti va BMT zudlik bilan yig‘ilish o‘tkazishi kerak”, deb yozdi Gustavo Petro.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 yanvar kuni ertalabdan beri Venesuela poytaxtida va mamlakatning boshqa aholi punktlarida portlashlar ovozi eshitilmoqda. Vaziyat yuzasidan Vashington va Karakas hozircha rasmiy izoh bermadi.

2025 yil kuz boshida AQSH Karib dengizi hududiga o‘zining eng zamonaviy “Gerald Ford” aviatsiya tashuvchisini, esminetslar va qiruvchi samolyotlarni yuborgan edi. Sentyabr oyidan buyon giyohvand moddalar tashiyotgan kemalarga zarbalar berilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nikolas Maduroni Venesuelaning huquqiy prezidenti sifatida tan olmaydi va mamlakat hukumatini narkotrafikka qarshi yetarlicha kurash olib bormayotganlikda ayblaydi.

17 dekabr kuni Tramp Venesuelaga borayotgan va undan chiqayotgan, sanksiyalar ostidagi barcha neft tankerlarini to‘liq blokadaga olish buyrug‘ini berganini e’lon qilgan.

Sentyabr boshida CNN Tramp Venesuela hududidagi narkokartellarga zarba berish variantini ko‘rib chiqayotganini xabar bergan edi. Biroq noyabr o‘rtalariga kelib, Tramp Venesuelada quruqlikdagi harbiy operatsiya o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik bo‘yicha hali qaror qabul qilmagani ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Kolumbiya Gustavo Petro Karakas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing