Hamma iste’foga chiqib ketsa, kim ishlaydi? – Energetika vaziri iste’foga chiqish haqidagi savolga javob berdi
Jamiyat
−
26 noyabr 2020
10295Ayni kunlarda respublika hududlarida gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar, ayniqsa, chekka qishloqlarga sutkalab gaz va elektr energiyasi yetib bormayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar bo‘lmoqda.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida kecha, 25 noyabr kuni Energetika vaziri Alisher Sultonov, vazir o‘rinbosarlari Sherzod Xo‘jayev, Behzod Normatov, “Hudud gaz ta’minot” AJ boshqaruv raisi Bahodir Eshmurodov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Energetika vaziri Alisher Sultonov iste’foga chiqish masalasidagi savolga javob qaytardi.
“O‘ylaymanki, har bir rahbar iste’fo masalasida javob berishga tayyor. Ishga kelganimizda shunga tayyor bo‘lib kelganmiz. Gap bunda emas. Gap shundaki, har bir rahbar, har bir mutaxassis o‘zining joyida, o‘z ishini necha foiz bajaryapti? Qanchalik o‘z ishiga berilib ishlayapti? O‘ylaymanki, 24 soat ishda bo‘lish ham oson emas”, deydi vazir.
Alisher Sultonov so‘zida davom etib, tizimda kamchiliklar ko‘p ekanini tan oldi. Shuningdek, O‘zbekistonda bu sohada mutaxassislar kamligi va hech kim o‘z joyini ushlab olmaganini ta’kidladi.
“To‘g‘ri, kamchiliklar juda ham ko‘p. Lekin hozir hamma iste’foga chiqib ketsa, kim ishlaydi? Mutaxassislar o‘zi qolmayapti. Hech shubhasiz, hech kim o‘z joyini ushlab olgani yo‘q. Lekin qanday qiyin bo‘lmasin hamma o‘z ishini qilishi kerak, hamma o‘z aravasini tortishi kerak. Biz ham shu ishni qilyapmiz”, deydi Alisher Sultonov.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Sultonov matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ muxbirining savoliga javob berib, xalqni rozi qilish juda ham qiyin ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanda ishtirok etgan Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov O‘zbekistonda 2025 yilgacha bozor tamoyillariga asoslangan energetika bozori tashkil qilish rejalashtirilganini aytdi.
Anjumanda mamlakatning energetika sohasi rahbarlari O‘zbekiston “Lukoyl” kompaniyasidan qarzdor bo‘lib qolgani haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirdi. Alisher Sultonov O‘zbekiston hech qachon “Lukoyl”dan qarzdor bo‘lmaganini alohida ta’kidladi.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi