Hamma bilganicha davolayapti va davolanyapti – Allamjonov vaziyatdan chiqish uchun yechim taklif qildi
Jamiyat
−
26 iyul 2020
20044Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bir hafta davomida “Tez yordam” teleko‘rsatuvida mutaxassislar bilan olib borgan muloqotidan keyin mavjud epidemiologik vaziyatga doir fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
“Masala jiddiy, tanlov og‘ir, xato qilish imkoniyati 90 foiz. Karantin qattiq bo‘lsa, uydagi bemorlarga qiyin (ular asosiy – 80 foiz qatlam) agar yengil bo‘lsa og‘ir bemorlar (15 foiz qatlam) va o‘limlar (2-4 foiz qatlam) soni ortib ketadi, eplab bo‘lmaydigan darajada. Iqtisodiyot, biznes, yeb-ichish, qarzlarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi”, deydi Allamjonov ahvol keskinlashganiga e’tibor qaratib.
Komil Allamjonov vaksina ixtiro qilinib, O‘zbekistonga yetib kelgunicha iqtisodiyotni saqlab qolish kerakligini, aks holda davlat vaksina uchun boshqa biror muhim narsadan voz kechishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan.
“Eng yomoni, qanchalik karantin saqlamaylik vaksina yaratilib, bizga yetib kelgunicha bir yarim yildan ikki yilgacha vaqt o‘tadi. Agar shu davr mobaynida iqtisodiyotni ham o‘ldirib qo‘ysak ertaga vaksina sotib olishga ham imkoniyat bo‘lmaydi. Vaksinalarni kimdir bizga sovg‘a qilsa yoki olib bersa evaziga yurtimizdan nimanidir yulib oladi. Bekorga yordam beradigan ahmoq aniq yo‘q. Na katta biznesmenlar va na katta davlatlar. O‘zimizning aravamizni o‘zimiz tortmas ekanmiz ahvol yaxshilanmaydi. Bu nima degani? Birinchi navbatda, barcha qatlamdagi shifokorlar, hamshiralarga to‘g‘ri davolashni zudlik bilan o‘rgatish kerak. Juda og‘ir jarayon emas bu. Tayyor davolash protokoli bor. Shuni bir marta o‘qib chiqib, hech bo‘lmasa mumkin bo‘lmagan dorilarni bilib olsa bo‘ldi. Shu ham katta muvaffaqiyat hozirgi sharoitda. Yengil tuzalishi mumkin bo‘lgan bemorlar aksariyat holatda aynan shu noto‘g‘ri tavsiya va dorilarni deb og‘irlashyapti yoki o‘lyapti”, deydi u.
Allamjonov zudlik bilan tibbiyot xodimlarini qisqa kurslarda o‘qitib, ularga koronavirusni davolashni o‘rgatish zarurligini ta’kidlab, aks holda o‘zbilarmonlik bilan davolashlar davom etishiga e’tibor qaratgan.
“Bugun men shuni tushunib yetdimki, eng birinchi navbatda hoziroq, zudlik bilan to‘g‘ri davolash tizimini yo‘lga qo‘yishimiz shart. Asl muammo o‘sha yerda. Qisqa o‘quv dasturi yaratib barcha tibbiyot qatlamini minimum qisqa kursda o‘qitish kerak. Aks holda hamma bilganicha davolayapti va davolanyapti. Oqibatda muammolar soni ortib, kasalxonalarda joy qolmayapti”, deydi Komil Allamjonov.
Fond raisi har bir odam avvalo o‘zini asrashni o‘rganishi, o‘z xavfsizligini ta’minlay olishi kerakligini aytmoqda. Xususan, u shunday deydi:
“Xullas ahvol og‘ir. Yechimi ham. Kelajakdagi yagona yo‘l esa har bir inson o‘zini o‘zi ehtiyot qilishni o‘rganishi, niqob taqishni kanda qilmaslik va kasal bo‘lib qolganda to‘g‘ri davolanishi kerak. Zudlik bilan shunday yashashni o‘rganmas ekanmiz faqat og‘irlashaveradi ahvolimiz. Ustiga ustak kollektiv immunitetga ham vaqt kerak (agar rost bo‘lsa shunday immunitet shakllanishi)”.
LiveBarchasi