HAMAS rahbarining jasadi garovdagi isroilliklarga almashtirilishi mumkin
Olam
−
19 Oktabr
4675HAMAS siyosiy byurosining o‘ldirilgan rahbari Yahyo Sinvarning jasadi G‘azo sektorida garovga olingan isroilliklarga almashtirilishi mumkin. Bu haqda CNN Isroildagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Hozirda Falastin harakati tomonidan 100 ga yaqin garovga olinganlar bor.
“Agar Yahyo Sinvarning jasadini isroilliklarga almashtirmoqchi bo‘lishsa, bu falastinliklar uchun garovga olinganlarni almashtirish o‘ldirilgan yetakchining jasadini olishning yagona yo‘li bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Sinvarning o‘ldirilishidan so‘ng Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Prezident Isxak Gersog xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident idorasining bayonotida aytilishicha, ular Sinvarning o‘ldirilishi garovga olinganlarni qaytarish uchun “muhim imkoniyatlar oynasi” ekanini muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, Yahyo Sinvar 61 yoshida vafot etdi. U HAMASning G‘azo sektoridagi rahbari, tashkilotning harbiy qanoti va ichki xavfsizlik bo‘linmasi asoschilaridan biri bo‘lgan. U Isroil tomonidan uch marta – 1982, 1985 va 1988 yillarda hibsga olingan. 2011 yilda u Isroil qamoqxonasidan SAXAL askari Gilad Shalitga ayirboshlash doirasida ozod qilingan. 2012 yilda u Siyosiy byuroga saylangan. 2017 yilda esa u Ismoil Xoniya o‘rniga G‘azo sektoridagi HAMAS yetakchisi bo‘ldi. Xoniya 2024 yil iyul oyi oxirida Tehronda o‘ldirilgan, shundan so‘ng Sinvar HAMAS siyosiy byurosining yangi rahbari bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS harakati o‘z yetakchisi Yahyo Sinvarning o‘ldirilganini tasdiqladi va Isroil qo‘shinlari hududni tark etmaguncha, garovga olinganlarni ozod qilish niyatida emasligini bildirgandi. Siyosiy byurosi a’zosi Xalil al-Heya uning o‘limi “harakatni yanada kuchaytirishi”ga ishora qildi. HAMASning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan Sinvarning o‘limiga oid bayonotda ta’kidlanishicha, harakat Isroil qo‘shinlari blokadadagi G‘azo sektoridan olib chiqilmaguncha, garovga olinganlarni ozod qilmoqchi emas.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi