HAMAS qurolsizlantirilmaguncha G‘azodan qo‘shinlar olib chiqilmaydi – Netanyaxu

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha yangi rejasini to‘liq qabul qilmasligini bildirib, HAMAS qurolsizlantirilmaguncha Isroil qo‘shinlari G‘azodan chiqmasligini aytdi. Bu haqda Netanyaxu kecha, 9 avgust kuni o‘ng qanot hukumati yig‘ilishida so‘z ochdi.

Uning ta’kidlashicha, Isroil harbiylari HAMAS qurolsizlantirilguncha G‘azodan biror qismni ham tark etmaydi.

“Isroil 15 banddan iborat hujjatni qabul qilmaydi. Harbiylar HAMAS qurolsizlantirilmaguncha hech qanday chekinishni amalga oshirmaydi. Biz og‘ir qurollar, yengil qurollar – barcha qurollar haqida gapiryapmiz”, degan Netanyaxu.

U haqiqiy qurolsizlantirish talab qilinayotganini, “soxta qurolsizlantirish” qabul qilinmasligini ta’kidlagan. Netanyaxuning aytishicha, Isroil hozir AQSH bilan reja yuzasidan muzokara olib bormoqda.

Tramp o‘tgan oy urushni tugatish bo‘yicha rejasida “muhim siljish”ga erishilganini ma’lum qilgandi. Uning 15 banddan iborat rejasiga ko‘ra, HAMAS qurolsizlanishi, Isroil qo‘shinlari G‘azodan chekinishi va anklav xavfsizligini yangi Falastin politsiyasi hamda Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari ta’minlashi kerak.

Biroq tomonlar rejani amalga oshirish muddatlari borasida kelisha olmayapti. Isroil HAMAS qurolsizlanmaguncha qo‘shinlar chekinmasligini aytsa, HAMAS qurolsizlanishga oid kelishuvni amalga oshirishdan oldin Isroil hujumlarni to‘xtatishi va qo‘shinlarini olib chiqishi kerakligini bildirgan.

HAMASning yuqori martabali vakili Basem Naim esa kecha, 9 avgust kuni guruh Qohirada vositachilar bilan 10 kun oldin kelishilgan yo‘l xaritasiga sodiq qolishini aytgan.

“Biz vositachilar va AQSH kafili Netanyaxu hamda uning hukumatini yo‘l xaritasiga amal qilishga va ichki siyosiy hamda saylov sabablari bilan jarayonga to‘sqinlik qilmaslikka undashini kutyapmiz”, degan Naim.

Ayni paytda Isroil G‘azoda harbiy harakatlarni sezilarli darajada kamaytirgan. Manbaga ko‘ra, 3 avgust kuni AQSH Prezidentining G‘azo bo‘yicha vakili Nikolay Mladenov Netanyaxu bilan uchrashganidan keyin Isroil armiyasi G‘azoda faqat “zudlik bilan tahdid” deb baholangan holatlarga qarshi harakat qilishi va deyarli har kuni amalga oshirilayotgan maqsadli hujumlarni to‘xtatishiga kelishilgan.

Isroilning o‘ng qanotdagi Moliya vaziri Bezalel Smotrich esa Netanyaxuning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan. U Isroil urushga HAMASni yo‘q qilish maqsadi bilan kirganini va G‘azo sektoridagi qo‘shinlarni hatto “bir millimetr”ga ham olib chiqmaslik kerakligini aytgan.

Trampning rejasiga ko‘ra, HAMAS qurollarini AQSH qo‘llab-quvvatlaydigan falastinlik texnokratlar ma’muriyatiga topshirishi kerak. HAMAS esa “qurolsizlanish” atamasini ishlatmasdan, qurollarni saqlash uchun topshirishga rozi bo‘lganini bildirgan. Guruh kelishuv amalga oshirilishi Isroilning o‘z majburiyatlarini, jumladan, qo‘shinlarni olib chiqishni bajarishiga bog‘liq ekanini aytgan.

Shuningdek, G‘azoda oktyabr oyida erishilgan sulh kelishuvidan keyin ham Isroil HAMASning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumida qatnashgan jangarilarni ta’qib qilishini bildirgan.

G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, sulhdan keyin Isroil hujumlarida 1 250 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholi vakillari.

Ayni paytda Isroil qo‘shinlari G‘azo hududining uchdan ikki qismini egallab turgani, ikki milliondan ortiq aholining deyarli barchasi esa sohil bo‘yidagi HAMAS nazoratidagi tor hududda jamlangani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvaloq HAMAS guruhi AQSH Prezidenti Donald Tramp rahbarligida tashkil etilgan Falastin ma’muriy qo‘mitasiga qurollarining bir qismini topshirishga tayyor ekani aytilgandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing