HAMAS qurollarining bir qismini topshirishga tayyor

Olam

image

HAMAS guruhi AQSH Prezidenti Donald Tramp rahbarligida tashkil etilgan Falastin ma’muriy qo‘mitasiga qurollarining bir qismini topshirishga tayyor. Bu haqda guruhning ikki vakiliga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS G‘azo sektoridagi politsiya va boshqa ichki xavfsizlik xizmatlariga tegishli bo‘lgan minglab avtomatlar va boshqa qurollarni topshirishga tayyor. Nashrning qayd etishicha, bunday qadam shu paytgacha o‘z qurollarini topshirishni ommaviy ravishda rad etib kelgan HAMAS tomonidan sezilarli yon berish bo‘ladi.

Rasmiy shaxslarning bildirishicha, HAMAS ushbu qurollarni G‘azo sektorini boshqarish uchun Tramp rahbarligidagi xalqaro tashkilot – Tinchlik kengashi tomonidan tuzilgan Falastin ma’muriy qo‘mitasiga topshirishga tayyor. Biroq bu taklif Isroil ilgari talab qilganidek HAMASning to‘liq qurolsizlanishini va G‘azoning demilitarizatsiya qilinishini anglatmaydi.

Shu bilan birga, ekspertlarning aytishicha, HAMASning harbiy qanoti ixtiyorida politsiyaga qaraganda ancha ko‘p qurol-yarog‘, jumladan, o‘n minglab avtomatlar va tankka qarshi raketalar mavjud.

“Ehtimol, HAMAS shunchaki Trampning tinchlik rejasini rad etishdan qochishga harakat qilayotgandir. Ammo agar ular politsiya qurollarini topshirishga rozi bo‘lishsa, bu qolgan qurollar bo‘yicha keyingi muzokaralar uchun eshik ochishi mumkin”, deydi tahlilchilardan biri.

G‘azodagi HAMAS hukumati politsiya va ichki xavfsizlik xizmatlarini nazorat qilishi tushuntirilgan. HAMAS taklifida politsiyadan tashqari aynan qaysi xizmatlar qurollarini topshirishiga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yil oktyabr oyidagi eskalatsiya boshidan 2025 yil dekabriga qadar G‘azo sektorida har kuni taxminan 50 nafar ayol va qiz bola halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing