HAMAS Ilon Maskni G‘azoga taklif qildi
Olam
−
29 noyabr 2023
5604Avvalroq, amerikalik milliarder Ilon Mask Isroilga tashrifi davomida Bosh vazir Binyamin Netanyaxu hamrohligida HAMASning 7 oktyabr kuni uyushtirgan hujumi oqibatida Isroilning eng ko‘p zarar ko‘rgan aholi punktlaridan biri bo‘lgan Kfar-Aza kibutsiga borgandi. Endilikda HAMAS Maskni Isroil hujumlari oqibatida yuzaga kelgan vayronani ko‘rish uchun blokadadagi G‘azo sektoriga kelishga chaqirdi.
“Biz uni (Ilon Maskni) xolislik va ishonchlilik me’yorlariga muvofiq, bu yerda qilingan qirg‘in va vayronagarchilik ko‘lamini ko‘rish uchun G‘azoga tashrif buyurishga taklif qilamiz”, deydi HAMAS yetakchilaridan biri Usama Hamdan.
Ma’lumki, Ilon Mask SpaceX kompaniyaning egasi hisoblanadi. SpaceX esa yuqori tezlikdagi keng polosali sun’iy yo‘ldosh internetiga kirishni ta’minlash uchun Starlink global sun’iy yo‘ldosh tizimini joylashtirgan.
Ilon Maskning Isroilga safari davomida u yahudiy davlati Aloqa vaziri Shlomo Karxi bilan Starlink sun’iy yo‘ldoshi aloqalaridan foydalanish bo‘yicha kelishib olgani xabar qilindi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv natijasida Starlink qurilmalari Isroilda ham, G‘azo sektorida ham ishlay oladi.
Eslatib o‘tamiz, Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida Falastin anklavida aloqa uzilganidan so‘ng, Falastin milliy ma’muriyati Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi bilan Starlink sun’iy yo‘ldoshlari yordamida G‘azo sektorida aloqani tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi. Keyinchalik Mask sun’iy yo‘ldosh aloqa terminallarining hech biri AQSH va Isroil hukumatlari bilan kelishmasdan yoqilmasligini aytdi.
LiveBarchasi