HAMAS G‘azoga atom bomba tashlash “g‘oyasi”ga munosabat bildirdi
Olam
−
06 noyabr 2023
21827Avvalroq, Isroilning Quddus ishlari va yahudiy merosi bo‘yicha vaziri Amikay Eliyaxu mahalliy radiostansiyalardan biriga G‘azo sektoriga yadroviy bomba tashlash mavjud variantlardan biri ekanligi haqida so‘z ochgandi.
Uning aytishicha, Falastin anklavining aholisi "orolga yoki cho‘lga ketishi kerak". Bundan tashqari, vazir G‘azoga har qanday insonparvarlik yordamining kiritilishi taqiqlanishi haqida aytib o‘tgandi.
"Tasnim" axborot agentligining xabar berishicha, HAMAS harakati G‘azo sektoriga atom bombasi tashlash haqidagi yahudiy davlati merosi bo‘yicha vaziri Amikay Eliyaxuning so‘zlariga munosabat bildirgan.
"Uning G‘azo sektoriga yadroviy bomba tashlash g‘oyasi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan, aksincha, bu sionistlarning ongida sodir bo‘layotgan tanazzul, natsizm va sadizm darajasining ifodasidir", degan harakatning siyosiy ishlar bo‘yicha vakili.
HAMASga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat, BMT va tegishli xalqaro sudlar Isroil ishg‘olchi kuchlarining G‘azo sektoridagi urushini to‘xtatish uchun zarur shoshilinch choralarni ko‘rishi kerak. Ularning dahshatli jinoyatlari uchun mas’ullarini javobgarlikka tortishlari shart.
"Xalqaro sukunat yoki harakatsizlik bu qotil terrorchilarni asr qirg‘ini va xalqimizni ochiqchasiga o‘ldirishga qaratilgan urushini davom ettirishiga kuch bermoqda", deyilgan "Tasnim"ga taqdim etilgan press-relizda.
Isroilning G‘azoni misli ko‘rilmagan bombardimon qilishi oqibatida qurbonlar soni 9770 ga yetgan. Ularning aksari ayollar, bolalar va qariyalardir. Shuningdek, G‘azo suv, elektr va yoqilg‘i kabi asosiy manbalardan ham uzib qo‘yilgan. Tibbiy vositalar va oziq-ovqat taqchilligi 2,3 million falastinlikni ochlik xavfi ostida qoldirmoqda.
LiveBarchasi