HAMAS G‘azo sektori shimolidagi nazoratni qo‘ldan boy berdi – SAXAL
Olam
−
09 noyabr 2023
3462Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Hagariy HAMAS harakati G‘azo sektori shimolidagi nazoratni yo‘qotganini ma’lum qildi. Bu haqda “The Times of Israel” nashri yozmoqda.
“Biz 50 000 g‘azoliklarning chiziqning shimoliy qismidan janubga ko‘chib o‘tganini ko‘rdik. Ular HAMAS sektorning shimoliy qismi ustidan nazoratni yo‘qotib qo‘yganini, janubda esa xavfsizroq va tinchroq, suv, oziq-ovqat va dori-darmon olishlari mumkin bo‘lganini tushungani uchun harakat qilmoqda”, deydi Hagariy.
Shuningdek, u mamlakat G‘azoga hujumni chuqurlashtirishda va fuqarolik ob’ektlari yonidagi tunnel shaxtalarini blokirovka qilishda davom etayotganini ma’lum qilgan.
Mudofaa kuchlari vakilining so‘zlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish rejasi yo‘q, ammo Isroil armiyasi tinch aholi evakuatsiya qilishlari uchun "gumanitar pauzalarni" joriy qilmoqda.
Ayni paytda, Isroil Bosh vaziri maslahatchisi Mark Regevning bildirishicha, G‘azo sektorining janubida, HAMAS infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan joyda dala shifoxonalari joylashgan “maxsus gumanitar hudud” yaratilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Daniel Hagariy Isroil harbiylari HAMAS a’zolari foydalanayotgan 100 dan ortiq yerosti tunnellariga o‘tish yo‘laklarini, 4 mingdan ortiq qurol-yarog‘ omborlarini vayron qilganini, ularning aksariyati fuqarolar binolari, masjidlar va bolalar bog‘chalarida joylashganini da’vo qilgandi.
Ma’lumot uchun, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush 7 oktyabrdan beri davom etmoqda. Isroil tomonida 1,4 ming kishi halok bo‘ldi, Falastin qurbonlari soni esa 10 mingdan oshib ketdi. 2 noyabr kuni Isroil armiyasi G‘azo shahrini to‘liq qurshab olganini e’lon qildi.