HAMAS G‘azo fuqarolaridan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda – Blinken
Olam
−
14 Oktabr 2023
5564AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken HAMASni g‘azoliklardan “jonli qalqon” sifatida foydalanishda aybladi. Bu haqda u kecha, 13 oktyabr kuni Dohada Qatar Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Tinch aholi, albatta, harbiy amaliyot nishoniga aylanmasligi kerak. Ular Isroil amaliyotlarining nishoni emas. HAMAS ulardan harbiy texnikasi va infratuzilmasini himoya qilish uchun foydalanmoqda”, degan Blinken.
Shuningdek, Blinken Qo‘shma Shtatlar Isroilga o‘z xalqini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani taqdim etishini ta’kidladi.
“Isroil o‘z xalqini himoya qilishga haqli va shunday majburiyatga ega. U HAMAS qilgan ishlarini boshqa takrorlamasligi uchun barcha imkoniyatini ishga soladi”, degan Blinken.
Shu bilan birga, AQSH Davlat kotibi uning departamenti G‘azoning tinch aholisiga yordam yetkazish maqsadida Isroil rasmiylari, shuningdek, xalqaro gumanitar tashkilotlar, jumladan, BMT agentliklari bilan doimiy aloqada ekanini bildirgan.
“Biz Isroil bilan tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rish muhimligini muhokama qilishda davom etamiz. G‘azodagi ko‘plab falastinlik oilalar o‘z aybi bilan azob chekayotgani yo‘q. Falastinlik tinch aholi o‘z hayotlarini yo‘qotganini tan olamiz. Biz halok bo‘lgan har bir begunoh inson – isroillik, falastinlik, yahudiy, nasroniy, musulmon va har qanday din va millatga mansub tinch aholining halok bo‘lgani uchun qayg‘uramiz”, degan Blinken.
U hozirgi dahshatli voqealar nima uchun bu sodir bo‘layotganini unutmaslik kerakligini eslatgan.
“Isroil G‘azoda operatsiyalar o‘tkazmoqda, chunki HAMAS terrorchilik hujumlarini amalga oshirib, uning 1300 nafar aholisini o‘ldirgan. HAMAS terrorchilari begunoh tinch aholini – go‘dakdan qarigacha, erkak, ayol, o‘g‘il-qizgacha qirg‘in qildi, zo‘rladi, mayib qildi, qiynoqqa soldi va yoqib yubordi", deydi AQSH Davlat kotibi.
Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, hozirda G‘azoga gumanitar yordam yetkazish bo‘yicha sa’y-harakatlar HAMAS tufayli murakkablashgan va harakat falastinliklarning G‘azo janubiga, xavf-xatardan uzoqlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yo‘llarni to‘sib qo‘ymoqda.
“Biz gumanitar vaziyat favqulodda ekanligini bilamiz. Biz hamkorlar, jumladan, Qatar bilan ham yordamga muhtojlarga yordam ko‘rsatish uchun faol ishlayapmiz”, degan Blinken.
Qayd etish joizki,Isroilning G‘azo sektori shimolidagi 1,1 million aholini evakuatsiya qilishi uchun bor-yo‘g‘i bir kun berish qarori ko‘plab davlat va tashkilotlar tomonidan tanqid qilingan. Xususan, bu qaror nafaqat arab davlatlari va Turkiya, balki BMT va Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel tomonidan ham qoralangan.
Ma’lumot uchun, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharqqa safari davomida Isroildan so‘ng Iordaniyaga ham borgan va qirol Abdulla bilan uchrashgan.
Davlat departamentining bildirishicha, Amerika diplomatiyasi rahbari Qatar, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Misrga ham tashrif buyuradi va u yerda yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashadi.
“Davlat kotibi mojaro avj olishining oldini olish, garovga olinganlarning zudlik bilan va xavfsiz ozod etilishini ta’minlash hamda tinch aholini himoya qilish mexanizmlarini aniqlash uchun mintaqaviy sheriklar bilan ishlaydi”, deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller.
LiveBarchasi