Hakimi zo‘rlash ayblovi bo‘yicha sudlanadi
Sport
−
19 iyun 7614 2 daqiqa
Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klubi va Marokash milliy terma jamoasi himoyachisi Ashraf Hakimi zo‘rlash ayblovi bo‘yicha jinoiy sudda javob beradi. Bu haqda Fransiya OAVlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, Versal apellyatsiya sudi futbolchining ishni jinoiy sudga o‘tkazish haqidagi qaror ustidan bergan shikoyatini rad etgan. Bu esa ishning sudda ko‘rib chiqilishiga yo‘l ochgan. 27 yoshli Hakimi mazkur qarorga munosabat bildirib, o‘z nuqtai nazarini bayon qilish imkoniyatini kutayotganini ma’lum qilgan.
“Bugun mening hayotim, oilam va eng muhimi haqiqat hisobidan menga tegishli bo‘lmagan yolg‘on tarqatilmoqda. Ba’zan o‘zimni oson nishonga aylangandek his qilaman”, deb yozgan futbolchi X ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning bildirishicha, u birinchi kundanoq sud jarayoni boshlanishini kutib kelgan.
“Men bu sudni birinchi kundan beri kutyapman. Nihoyat, o‘z fikrimni ochiq ayta olaman”, degan Hakimi.
Hozircha sud muhokamasi qachon boshlanishi ma’lum qilinmagan. Versal apellyatsiya sudi, futbolchining advokati, PSJ klubi hamda Marokash futbol federatsiyasi bu masala bo‘yicha izoh bermagan.
Ma’lumot uchun, Fransiyaning Nanter prokuraturasi 2023 yilda Ashraf Hakimiga qarshi zo‘rlash haqidagi da’vo ortidan tergov boshlagan edi. Fransiyaning “Le Parisien nashri” o‘sha paytda futbolchi tomonidan 24 yoshli ayol zo‘rlanganini iddao qilgandi.
Ayni paytda Hakimiga nisbatan ayblovlar sud tomonidan tasdiqlangani yo‘q va u qonun nuqtai nazaridan aybsizlik prezumpsiyasi huquqidan foydalanib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe sobiq jamoadoshi, PSJ himoyachisi Ashraf Hakimiga nisbatan 2023 yilda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilingandi.
Live
Barchasi