Umurzoqovning qaytishi, Ukrainaga NATO eshiklarining yopilishi – Hafta tahlili
Tahlil
−
01 mart
13139Rossiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi aloqalarni tiklash jarayoni davom etmoqda. Bu borada Ar-Riyoddan keyingi manzil Istanbul bo‘ldi.
Ammo Ukraina bilan hozircha bunday deb bo‘lmaydi. 28 fevral kuni Oq uyda Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi tarixiy janjaldan so‘ng AQSHdagi yangi ma’muriyat Ukrainaga yordam masalasini qayta ko‘rib chiqish ehtimoli yo‘q emas.
Prezident Administratsiyasining sobiq rahbari va keyinchalik Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov uzoq tanaffusdan keyin ilk bor rasmiy uchrashuvda qatnashdi.
Rossiya va AQSH oradagi masofa qisqarmoqda
AQSH va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash bo‘yicha muzokaralarning 3-raundi yakunlandi. Birinchisi ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi telefon muloqoti bo‘lgan bo‘lsa, mazkur muloqotning davomi sifatida ko‘rilgan Ar-Riyoddagi muzokaralar ikkinchi bosqich edi. Unda ikki davlatning Bosh diplomatlari AQSHdan Marko Rubio va Rossiya tomonidan esa Sergey Lavrov va Yuriy Ushakov ishtirok etgandi. O‘sha uchrashuvda ishtirok etganlar jarayonning o‘z vaqtida va samarali davom etishini ta’minlash uchun doimiy aloqada bo‘lishga kelishib olganligi aytilgandi. Rostdan ham ikki o‘rtada so‘nggi yillarda buzilgan munosabatlarni tiklash jarayoni izchil davom etyapti. Chunki Riyoddagi muzokaralardan 10 kun ham o‘tar-o‘tmas, 27 fevral sanasida ikki davlat delegatsiyalari Istanbuldagi AQSH Bosh konsulligida uchrashdi. Delegatsiya a’zolarining mavqeyi Ar-Riyoddagi kabi juda yuqori bo‘lmasa-da, bu uchrashuv 3 yildan buyon ortga ketgan Vashington va Moskva munosabatlarini tiklash yo‘lida tashlangan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda. Istanbuldagi muzokaralarda Amerika delegatsiyasiga AQSH Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Sonata Koulter, Rossiya delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vazirligining Shimoliy Atlantika departamenti direktori Aleksandr Darchiyev boshchilik qilgan. Istanbuldagi uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da boshlangan bo‘lib, 6 soatdan ortiq davom etdi. Muzokaralar uzoq vaqt davom etgan bo‘lsa-da, ikki o‘rtada nimalarga kelishib olingani yoki qaysi masalalar muhokama markazida bo‘lgani haqida batafsil ma’lumotlar kam. Chunki qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi muzokaralar olib borilgan Amerika Bosh konsuli qarorgohini izohsiz tark etgan va matbuotga hech nima oshkor etilmagan. Biroq shunday bo‘lsa-da, keyinchalik 27 fevral kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Amerika uchrashuvi yuzasidan AQSH Davlat departamenti bayonot berdi. Ushbu bayonotda aytilishicha, uchrashuv diplomatik missiyalar faoliyati bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan. Amerika Qo‘shma Shtatlarining bayonotiga ko‘ra, mazkur muhokamalar natijasida tomonlar diplomatik missiyalar faoliyatini barqarorlashtirish bo‘yicha aniq dastlabki qadamlarni belgilab olgan. AQSH bank va shartnoma xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, AQSHning Moskvadagi elchixonasi xodimlarining barqaror darajasini ta’minlash zaruratidan xavotir bildirgan. Shuningdek, AQSH davlat departamenti bayonotida keltirilishicha, Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Koulter va elchi Darchiyev yaqin vaqt ichida ushbu masalalar bo‘yicha navbatdagi uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan. Buning uchun sana, uchrashuv joyi va vakillik belgilanishi kerak, xolos.
Ammo Donald Tramp AQSH Prezidenti va Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik harakatlariga qarshi tura oladigan dunyodagi yagona kuch sifatida o‘z ta’sirini butunlay yo‘qotishni istamayapti. U Kreml va Oq uy orasidagi sovuqchilikka barham berish bilan bir qatorda Putinning ambitsiyalarini sirtdan chegaralamoqda. Buning isboti o‘laroq, Tramp 2014, 2018 va 2022 yillarda turli AQSH prezidentlari tomonidan joriy qilingan sanksiyalar muddatini uzaytirganini misol qilib keltirish mumkin. AQSH Federal reyestrida sanksiyalarni uzaytirish haqida keltirilgan hujjatga muvofiq barcha cheklovlar 2025 yil 6 martdan keyin ham amalda qolishi ta’kidlangan. Donald Tramp bunday qarordan bir necha kun oldin ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqmayotgani va bu Kreml bilan muzokaralarning bir qismi emasligini ma’lum qilgandi. Ammo u mazkur masala baribir qachonlardir muhokama qilinishi ham qo‘shimcha qilgandi. 26 fevral kuni esa Tramp jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga tayyor ekani, biroq bu faqat Rossiya-Ukraina urushi yakunlangandan keyin sodir bo‘lishini ta’kidladi.
Putin esa AQSH bilan Rossiya o‘rtasida shakllanayotgan yaxshi aloqalarni saqlab qolishga bor kuchi bilan harakat qilyapti. U 27 fevral kuni Federal xavfsizlik xizmati hay’ati yig‘ilishida G‘arbdagi ayrim elitalarga Rossiyaning AQSH bilan yaqinlashuvi yoqmayotganini bildirdi. Putin ularni dunyoda beqarorlikni saqlab qolishga harakat qilayotganlikda aybladi. U mazkur vaziyatni hisobga olgan holda diplomatiya va maxsus xizmatlarning barcha imkoniyatlaridan foydalanib G‘arb tomondan sodir etilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy buzg‘unchiliklarni oldini olish lozimligini aytdi.
“Biz tushunamizki, Rossiya-Amerika aloqalarining tiklanishi hammani ham qoniqtirmaydi. Ba’zi G‘arb elitalari hali ham dunyoda beqarorlikni saqlab qolishga qaror qilishmoqda. Bu kuchlar esa boshlangan muloqotni buzish yoki murosa qilishga urinadi, buni biz ko‘rib turibmiz. Biz buni hisobga olib, diplomatiya va maxsus xizmatlarning barcha imkoniyatlaridan foydalanib, bunday urinishlarning oldini olishimiz kerak”, dedi Rossiya Prezidenti.
Rossiya rahbarining aytishicha, Amerikaning yangi ma’muriyati va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar umid uyg‘otmoqda. Uning ta’kidlashicha, ikki o‘rtada davlatlararo munosabatlarni tiklash, jahon arxitekturasida to‘planib qolgan ulkan va tizimli strategik muammolarni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha aloqalar mavjud.
Umurzoqov yana faollashdi
Sardor Umurzoqov uzoq tanaffusdan keyin ilk bor O‘zbekiston nomidan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritayotgan Sardor Umurzoqov Xitoy poytaxti Pekinda qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, Umurzoqov 24 fevral kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Lyu Szyanchao bilan, 25 fevral kuni esa Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi a’zosi, Markaziy qo‘mita targ‘ibot bo‘limi mudiri Li Shuley bilan uchrashgan. “Sinxua” agentligi xabarida tomonlar ikki davlat rahbarlari erishgan muhim kelishuvlarni amalga oshirish, partiyalararo almashinuvni kuchaytirish, davlat boshqaruvi sohasida o‘zaro tajriba almashishni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashgani aytiladi. O‘z navbatida, Sardor Umurzoqov O‘zbekiston Xitoy bilan barcha sohalarda almashuv va hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, ikki davlat rahbarlari belgilagan yo‘nalishda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Deyarli bir yarim yildan buyon juda kamnamo bo‘lgan Umrzoqov joriy yilni yangi vakolatlar bilan boshlagandi. 2024 yil 31 dekabrda qabul qilingan “Mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi strategik tahlil va tadqiqot qilish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra unga qator yangi vazifalar yuklatilgandi. Jumladan, qarorga ko‘ra, tahliliy va tadqiqot tuzilmalar faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategik tahliliy hujjatlarni hamda mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid takliflarni muntazam ravishda Prezidentga kiritib borish Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi. Muvofiqlashtiruvchi kengash ichki va tashqi siyosat jarayonlari bo‘yicha strategik tadqiqotlarni tashkil qilish hamda ularni o‘tkazishning barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi sifatida qaror topdi. Bu kengash faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, umumiy muvofiqlashtirish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlash esa Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi, ya’ni Sardor Umrzoqov tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilmasida quyidagi yo‘nalishlarga mas’ul bo‘lgan ishchi guruhlar tashkil qilinishi belgilandi.
Bular:
- xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlik;
- davlat va jamiyat qurilishi;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish;
- tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik;
- hududlarni strategik rejalashtirish va rivojlantirish;
- ekologik kun tartibi, shu jumladan iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligi kabi masalalar bilan shug‘ullanuvchi guruhlardir.
Umrzoqovning Xitoyga tashrifi uning uzoq vaqt davom etgan kamnamoligi yakuniga yetganidan dalolat beradimi yoki yo‘q bu hozircha noma’lum. Ammo uning 2022 yilning 16 iyulidan 2023 yilning 17 avgustigacha Prezident Administratsiyasi rahbari sifatidagi juda faol siyosiy faoliyati ko‘pchilikning esida. Ammo yuqorida ta’kidlanganidek, 2023 yil 17 avgustda u ushbu lavozimdan ozod etildi. Umrzoqovning nima uchun bu lavozimdan olingani sabablari ochiqlanmadi, ammo uning ketishi ortidan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi ham tugatildi. Sardor Umurzoqov esa ishsiz qolgani yo‘q. U shu kunning o‘zida Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Ammo aynan shu kundan boshlab u jamoatchilikka ilgarigidek ko‘rinish bermadi.
2023 yilning avgustidan buyon deyarli hech qayerda ko‘rinish bermagan sobiq Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov o‘tgan yil iyun oyida bu “jimjitlik”ka nuqta qo‘ydi. Uning Haj amallarini bajarayotgani va Makka shahrida tushgan surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Umrzoqov o‘shanda boshqa o‘zbekistonlik ziyoratchilar qatorida “Al Alayam Elite” mehmonxonasiga joylashgan va “Oddiy odamlar qatori Haj amalini bajargani keldim”, degan. Oradan bir oy o‘tib, 28 iyulda Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan o‘zining X platformasidagi sahifasida Sardor Umrzoqov va Gruziyaning sobiq Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili bilan uchrashgani haqida yozdi. Chakrabarti o‘shanda Umurzoqov va Kvirikashvilini ikki islohotchi deb atagan.
“Bugun kechqurun Prezidentning maxsus ishlar bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov va Gruziyaning sobiq bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili bilan a’lo darajada muloqot o‘tkazdik. Ikki islohotchi o‘z mamlakatlari uchun ko‘p ishlar qilishgan”, deb yozgan Chakrabarti.
Yevropa tovarlariga 25% boj. Ukrainaga esa NATOda joy yo‘q
Joriy hafta 26 fevral kuni Donald Tramp prezidentligining ikkinchi davridagi ilk hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda AQSH Prezidenti tomonidan YeI va Ukrainaga noxush xabar yo‘llandi. Xususan, Tramp AQSH tez orada Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan tovarlarga 25 foiz miqdorida boj joriy qilinishi va bu haqdagi qaror allaqachon qabul qilinganini ma’lum qildi. U shuningdek, YeI Qo‘shma Shtatlarni sindirish uchun tashkil etilgani va buni a’lo darajada amalga oshirganini ta’kidlab, ko‘p ehtimol ikki o‘rtadagi bojlar siyosatining xilma-xilligiga ishora qildi.
“Biz qaror qabul qildik va uni tez orada e’lon qilamiz. Umumiy ma’noda bu 25 foizni anglatadi va u avtomobillar hamda shunga o‘xshash narsalarga taalluqli bo‘ladi... Men Yevropa mamlakatlarini yaxshi ko‘raman. Aslida men barcha mamlakatlarni ko‘p jihatlari uchun yaxshi ko‘raman, lekin Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlarni sindirish uchun tashkil etilgan. Maqsad shu edi va ular bu vazifani a’lo darajada bajardi”, deydi u.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar amerikalik ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish va bozorda mahalliy tovarlar uchun teng sharoitlar yaratishga qaratilgan. U, shuningdek, bojlarning joriy etilishi Yevropa Ittifoqining savdo siyosatiga javob va Amerika iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati ekanini aytgan. “Reuters” axborot agentligiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida yengil avtomobillarga 10 foizlik bojxona to‘lovlari amal qiladi. Bu AQSH bojxona to‘lovlaridan to‘rt barobar yuqori bo‘lib, AQSHda bu ko‘rsatkich 2,5 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi 17,5 foiz va undan yuqori miqdordagi qo‘shilgan qiymat solig‘i ham Amerika rasmiy vakillari noroziligining asosiy sabablaridan biri ekani aytiladi.
YeI esa Trampning tanqidiga munosabat bildirib, ittifoq – dunyodagi eng yirik erkin bozor ekani va uning a’zolarini adolatli savdo yo‘lidagi asossiz to‘siqlar hamda tariflarga qat’iy va tezkor javob berish bilan ogohlantirdi. Ittifoq rasmiylari bunday ogohlantirish bilan oldin ham chiqqandi. Ammo bojlar hali oshirilgani yo‘q va masalani “savdo urushi”gacha olib bormasdan hal qilish imkoni hali ham mavjud. Shunday ekan, ushbu ogohlantirishlar fonida Yevropa Ittifoqi rasmiysi qit’a bozorida “savdoni yengillashtirish, amerikalik eksportchilar uchun xarajatlarni kamaytirish hamda 27 mamlakatdagi standartlar va qoidalarni uyg‘unlashtirish”ga va’da bergan.
Yuqorida Yevropa Ittifoqining ayrim mahsulotlariga 25% lik tariflar joriy qilinishini Tramp AQSH yangi hukumatining birinchi yig‘ilishida ma’lum qilgani aytildi. Aynan shu yig‘inda Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Ukraina xavfsizligining taqdiri borasida ham xavotirli bayonotlar berdi. Donald Tramp Vashington Kiyevga qo‘shimcha xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmasligini, bu masalani Yevropaga topshirishini aytdi. Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Ukrainaga NATOga a’zolik haqida “unutishi” kerakligini bildirgan. Uning fikricha, urush aynan Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lishi masalasi tufayli boshlangan.
“Men mavjud kafolatlardan tashqari yana qo‘shimcha kafolatlar berishni rejalashtirmayman. Biz bu masalani Yevropaga topshiramiz. Ammo, albatta, hammasining yaxshi kechishini ta’minlashga harakat qilamiz”, dedi Tramp.
Shuningdek, u Vashington Yevropa tinchlikparvar kuchlari Ukrainaga joylashtirilishi masalasida Yevropani qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ma’lum qilib, urushni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishiga ishonch bildirgan. Tramp kelishuv Ukraina uchun “yaxshi” bo‘lishiga harakat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Ukrainaga yo‘qotilgan hududlarning bir qismini qaytarib olishda yordam berishga urinib ko‘radi, biroq bu murakkab jarayon bo‘ladi.
Oq uydagi “olishuv”dan keyingi holat
Oq uyda kecha, 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan tarixiy janjaldan so‘ng Ukraina va AQSH munosabatlari jiddiy sinovga duch keldi. Zelenskiy Tramp bilan bo‘lgan shov-shuvli tortishuvdan so‘ng, darhol Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va Yevropa Ittifoqi Kengashi rahbari Antoniu Koshta bilan telefon orqali suhbatlashgani ma’lum bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar esa rasmiy Kiyevga nisbatan choralar ko‘rishni boshlab yuborgani aytilmoqda. Dastlab tarmoqlarda AQSH Ukrainaning energetika sohasini moliyalashtirishni to‘xtatgani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng “The Washington Post” nashri Donald Tramp administratsiyasi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Oq uydagi Oval kabinetda bildirgan bayonotlariga javoban, Ukrainaga barcha harbiy yordam yetkazib berishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Manbaga ko‘ra, qaror milliardlab dollarlik ta’minotga, jumladan, radarlar, zirhli texnikalar, o‘q-dorilar va raketalarga ta’sir qilishi mumkin.
CBS News ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiyning Oq uyga tashrifi 10 daqiqalik bahs-munozaraga aylanganidan keyin Ukraina rasmiylari tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvni qayta tiklashga harakat qilgan. Biroq ularga muloqotni davom ettirish foydasiz ekani aytilgan. Nashr manbalariga ko‘ra, AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts Zelenskiydan Oq uyni tark etishini so‘rashdan oldin unga katta xatoga yo‘l qo‘yganini va bu bilan ham Ukraina, ham AQSHga zarar yetkazganini bildirgan. Zelenskiy Oq uydan chiqqanidan so‘ng Yevropa mamlakatlari rasmiylari Vashingtonga qo‘ng‘iroq qilib, qanday qilib kelishuvni saqlab qolish mumkinligini so‘ragan. Biroq Tramp Zelenskiy bilan ortiq gaplashishni istamagan va uning administratsiyasida ham endi harbiy harakatlarni tugatishda qanday yordam berish mumkinligi borasida ishonchsizlik paydo bo‘lgan. “Axios” nashriga ko‘ra esa, Trampning jahlini chiqargan yana bir kichik, ammo muhim omillardan biri bu – Zelenskiyning kostyum kiymagani bo‘lgan. Manbalarning aytishicha, Tramp maslahatchilari bir necha bor Zelenskiyning jamoasiga Oq uyga tashrif chog‘ida harbiy uslubdan voz kechish yanada hurmatliroq bo‘lishini tushuntirgan. Ammo ko‘rinib turibdiki, Zelenskiy bunday tavsiyani e’tiborsiz qoldirgan. Mojaroli uchrashuvdan so‘ng, Zelenskiy “Fox News”ga intervyu berdi va Trampning unga nisbatan “urushni to‘xtatishni xohlamaydi” degan so‘zlariga javoban, “hech kim ukrainaliklarchalik urushning tugashini istamaydi”, deb javob berdi. U shuningdek, Oq uydagi uchrashuvda hech qanday xato qilmaganini aytib, Trampdan uzr so‘rashdan bosh tortdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

