Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashishni taklif qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 15–17 iyun kunlari Fransiyada bo‘lib o‘tadigan “Katta yettilik” (G7) sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni taklif qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Zelenskiyning aytishicha, ushbu uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Tramp va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham ishtirok etishi mumkin.

“Biz Putin bilan G7 doirasida uchrashishga tayyor ekanimiz haqida xabar berdik. U yerda Tramp va Makron bo‘ladi, ya’ni Yevropa va Amerika vakillari bir joyda bo‘ladi. Bu hammamiz uchun uchrashish va muzokara olib borish uchun yaxshi imkoniyat”, degan Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, Tramp va Makron bu taklif haqida xabardor qilingan. Biroq Ukraina Prezidenti Rossiya tomoni yana urushni yakunlash bo‘yicha muloqotga tayyor emasligini bildirganini aytdi.

Avvalroq, Zelenskiy Putinga ochiq maktub yo‘llab, butun front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish hamda neytral hududda shaxsiy uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan edi.

Putin esa maktubda “qo‘pollik unsurlari” borligini aytib, bunday uchrashuv Ukraina tomoni uchun Rossiya armiyasining hujumini to‘xtatish maqsadida kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Rossiya qisqa muddatli emas, uzoq muddatli va barqaror kelishuvlarga erishishni istashini bildirgan.

G7 sammiti oldidan Putin Tramp bilan telefon orqali muloqot qilib, uni 80 yoshga to‘lgani bilan tabrikladi hamda Ukraina urushi va boshqa xalqaro masalalarni muhokama qildi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Tramp mojaroni tezroq yakunlash uchun Yevropa davlatlari va Kiyev bilan ishlashga tayyorligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 iyun kuni Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida “Katta yettilik” — G7 davlatlari rahbarlarining sammiti boshlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Vladimir Zelenskiy Katta ettilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing