Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga zo‘ravonlik bo‘yicha jimjitlikni buzmoqchi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2023
14003Samarqandda ayol Rossiyadagi eriga jahl qilib qizlarini kaltakladi. Toshkent viloyatida erkak xotinidan o‘ch olish uchun yosh bolalarni shafqatsizlarcha urdi. Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida yashovchi ayol Qozog‘istonda ishlayotgan eriga jahl qilib, bolalarini muntazam kaltaklab kelgan. Xorazm viloyati Shovot tumanida ham ona ikki farzandini urib, videoga olib, uni Qozog‘istondagi eriga jo‘natgan.
Bundan tashqari, boshqa bir hududda bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltaklagan, Farg‘onada esa 13 yoshli bolakay qo‘shnisi tomonidan do‘pposlangan. Bu hali hammasi emas. Aytay desang, bolalar bilan bog‘liq bunday shavqatsiz voqealar ko‘p, bolalar yig‘isining adog‘i yo‘q.
Endi esa O‘zbekiston o‘z bolalarini zo‘ravonlikdan himoya qilishga qattiq kirishmoqchi. Xo‘sh, kimdan? Ona-onalaridan, qo‘shnisidan, tarbiyachilaridan, xullas, kimki zulm qilgan bo‘lsa barchasidan – jamiyatdan! Bu haqda kecha, 10 oktyabr kuni UNICEF, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan milliy davra suhbatida gapirildi.
“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilingan mazkur milliy davra suhbatida nutq so‘zlagan Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning aytishicha, 2023 yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonda 1240 ta voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan, ularning 417 tasi jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. U mas’ullarni qonunni qabul qilish uchun milliy darajada tezkor va qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi.
“Tasavvur qiling, joriy yilning to‘qqiz oyida qarindoshlar, jumladan, yaqinlar tomonidan bolalarga nisbatan 166 ta zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Afsuski, hatto rasmiy statistika ham o‘lchovni ob’ektiv baholashga imkon bermaydi. Haqiqat bundan ham battar.
Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalar odatda zo‘ravonlikka duchor bo‘lganliklari haqida xabar bermaydilar. Ko‘pincha ular qo‘rquv, uyat hissi yoki oilaga sadoqat sabab sodir bo‘lgan holat haqida indamaydi. Ayniqsa, zulm qiluvchi shaxs bolaga yaqin odamlardan biri bo‘lsa”, dedi u nutqi avvalida.
Shuningdek, u huquq-tartibot idoralari e’tiborini zo‘ravonlik profilaktikasini kuchaytirish, javob choralarini yaxshilash va zo‘ravon bilan ishlash zarurligiga qaratmoqchi ekanini ma’lum qildi.
“Biz bu muammoga ko‘z yumishni bas qilishimiz kerak. Zo‘ravonlik nafaqat inson huquqlarini poymol qiladi, u bolaning qolgan hayotiga ham ta’sir qiladi. Biz ushbu o‘tkir muammo bo‘yicha jimjitlikka chek qo‘yib, muammo hali ham mavjud bo‘lishiga sababchi jamiyatdagi munosabatni o‘zgartirmoqchimiz. Mazkur qonun qabul qilinsa, O‘zbekiston farzandlarining hayotini o‘zgartirishi, ularni himoya qilishi, tarbiyalashi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyat yaratishi mumkin”, dedi Mirziyoyeva.
Qolaversa, u:
• Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan choralarni tubdan kuchaytirish;
• Zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha faktlarni yashirish yoki murojaatlarga javob bermaslik holatlarida mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish;
• Zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar, shu jumladan ota-onasi uzoq vaqt yo‘q bo‘lgan bolalar, mehnat migrantlarining farzandlari ro‘yxatini kengaytirish;
• Yangi ijtimoiy xizmatning vazifalarini aniq belgilash va huquqni muhofaza qilish va boshqa organlar bilan bolalar huquqlarini ta’minlash nuqtai nazaridan o‘zaro munosabatlar;
• Himoya buyrug‘ini chiqarish vaqtini qisqartirish;
• Barcha bosqichlarda zo‘ravonlik qurbonlari haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashni taklif qildi.
“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun jami 43 moddadan iborat bo‘lib, unga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlarga jinoiy jazo yengillashtirilmaydi va hech qanday amnistiya berilmaydi.
“Mazkur qonunda bolalarning oilalarini mustahkamlash, sodir etilayotgan jinoyatlarni bartaraf qilish uchun oila a’zolarining ko‘nikmalarini oshirish, bepul huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy psixologik hamda tibbiy yordam ko‘rsatish, shaxsni xulq-atvorini tuzatish bo‘yicha dasturda ishtirok etishga majburlash, jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash nazarda tutilgan”, dedi Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Boburbek Saidbekov.
Qonunga ko‘ra, o‘z bolalariga zulm qilgan ota-onalardan farzandlari olib qo‘yiladi. Bundan tashqari, ularga himoya orderlari beriladi.
“Agar ota-ona o‘z farzandining sog‘lig‘iga zarar yetkazayotgan bo‘lsa, mahalla organlari dalolatnoma tuzib, vasiylik organlari bilan bog‘lanib, 7 kun ichida bolani ulardan olib qo‘ya oladi. Faqat bu haqda prokurorni xabardor qilishi kerak. 7 kundan keyin sudga da’vo bilan chiqib, ota-onalik huquqidan mahrum qilishni talab qilishi mumkin”, dedi u qo‘shimcha qilib.
Bolalar ota-onalaridan olib qo‘yilar ekan, xo‘sh, qayerga boradi?
“Birinchi navbatda, bolaning eng ustun manfaatlariga muvofiq keluvchi sharoit yarata oladigan ota yoki onaning birinikiga joylashtirish kerak. Chunki zo‘ravonlik holatlarida doim ota-onaning ikkisi ham aybdor bo‘lavermaydi. Agar buning imkoni bo‘lmasa, bolaning qarindoshlarinikiga yoki bolaga g‘amxo‘rlik qilish istagini bildirgan boshqa shaxsnikiga joylashtiradi. Agarda buning ham iloji bo‘lmagan taqdirda vakolatli organ hisobida turgan shaxslarnikiga yo jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazlarga joylashtirish chorasi ko‘riladi. Bolaning sog‘ligiga ziyon yetgan taqdirda tibbiyot muassasalariga, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish mazkazlariga olib boriladi”, dedi Boburbek Saidbekov.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy davra suhbatida Shahnoza Mirziyoyevadan tashqari boshqa yana ko‘plab rahbar shaxslar – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, uning birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz raisi Akmal Saidov, Sog‘liqni saqlash vaziri Amrullo Inoyatov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Yoshlar ishlari agentligi raisi Alisher Sa’dullayev, Yunisefning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy ofis direktori va boshqa xorijiy mehmonlar ishtirok etdi. Hatto bunday tadbirlarda uncha-munchaga ko‘rinish beravermaydigan Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev, Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ham birrov ko‘rinish berib ketdi.
Oxir-oqibat tadbirning yuki o‘z zimmasida qolib ketgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva barcha muammo yoshlarni oilaga tayyorlashga borib taqalishini ma’lum qildi. U tarbiyani bolalikdan boshlash uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovadan yordam so‘radi.
“Bog‘chadan boshlab, maktabni bitirguncha, keyin esa oliy ta’limda yoshlarni oilaga tayyorlashni davom ettirish kerak. Mana shundagina birovni xafa qilmaydigan, qattiq gap gapirmaydigan, har yili tug‘avermaydigan, o‘ziga qaraydigan, nogiron bolani dunyoga keltirmaydigan, qarindoshiga erga tegmaydigan qiz va qarindoshiga uylanmaydigan yigitlarni hayotga tayyor holda shakllantirib bo‘lamiz”, dedi Norboyeva.
Jahon miqyosida joriy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, har yili dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq bola jismoniy, hissiy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Yaqinda o‘tkazilgan Multiindikator klaster kuzatuvi (MIKS) shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 3 nafar boladan 2 nafari (62%) zo‘ravonlik bilan tarbiyalash usullarini boshdan kechirgan (jismoniy jazo va/yoki psixologik tajovuz), 15-19 yoshli qizlarning esa 33 foizi er o‘z xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblaydi.
Fursatdan foydalangan Norboyeva oilalarni mustahkamlash, yoshlarni oilaga tayyorlashga sarflanayotgan pullar besamar ketayotganini aytib qoldi.
“Mana bizda oilaga tayyorlash kurslari bor. Men bir haftalik ana shunday kurslarni joriy qilib, milliard-milliard pullarni sovurayotganlardan noroziman. Birinchidan, bunday kurslarda qamrov masalasi 100 foiz bo‘layotgani yo‘q. Ikkinchidan, voyaga yetgan, shakllanib bo‘lgan odamni bir haftaning ichida qanday qilib oilaga tayyorlash, yoki reproduktiv masalalarda tarbiyalash mumkin? Mana, masalan men tahlil qilib o‘rganayapman – shu masalada davlatimiz mablag‘lari besamar ishlatilayotgan holatlar ham ko‘p. Bunday kurslar umuman natija, foyda berayotgani yo‘q. Men Farg‘onaga borib keldim. U yerda mahalla faollarini bir soatlik o‘qitish kurslari uchun psixologlarga davlat byudjetidan 700 mln so‘m ajratilgan ekan. Ular nima karomat ko‘rsatdi? Qanaqa psixolog bo‘ldi? Umuman samarasiz”, dedi Senat Raisi.
Video avvalida O‘zbekistonda bolalarga zo‘ravonlik holatlari ko‘payib borayotganini aytgan edik. Buzilayotgan oilalar, yetim qolayotgan, hali ota-onasidan, hali begonalardan kaltak yeyotgan, zo‘rlanayotgan bolalarga doir raqamlar mana endi-endi oshkor qilinmoqda. O‘zbekiston yopiq qozonning bu yopiq mavzusini ochishga, bolalarni himoya qilishga kechikmadimi?
Bu savolga javoban UNICEF’ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominisis hech qachon kech emasligini aytdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu qonun, agar qabul qilinsa, O‘zbekiston farzandlarining hayotini shakllantirish, ularni himoya qilish, tarbiyalash va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘ladi. Qonun loyihasining tili va maqsadi bolalarni himoya qilishning eng yuqori standartlarini aks ettirishi juda muhim, bu shunchaki qog‘ozdagi so‘zlar emas, balki O‘zbekistondagi barcha bolalar hayotini o‘zgartiruvchi kuch bo‘lishi kerak.
LiveBarchasi