Har yili 1 mlrd bola zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi – JSST
Olam
−
09 noyabr
1709Har yili dunyoning yarmidan ko‘p bolalari, ya’ni 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Bu haqda kecha, 8 noyabr kuni Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga bag‘ishlangan birinchi global vazirlar konferensiyasida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, JSST, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) tashkil etgan ikki kunlik konferensiyada 130 davlatning hukumat vakillari, shu jumladan, 90 vazir ishtirok etgan. BMTning 2024 yilgi hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda 15 yoshgacha bo‘lgan 2,04 milliard bola bor. Voyaga yetmaganlar umumiy aholining taxminan 25 foizini tashkil etadi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoning yarmidan ko‘p (1 milliarddan ortiq) bolalari zo‘ravonlikka uchraydi. Konferensiya yakunlariga bo‘yicha 100 dan ortiq davlat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha majburiyatlar olgan, 9 davlat esa jismoniy jazoni taqiqlashni va’da qilgan.
Asosiy statistik ma’lumotlar:
- har yili 2 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi zo‘ravonlikning turli shakllariga duch keladi. Bu 1 milliarddan ortiq bolani tashkil etadi;
- har uch boladan ikkisi uyda doimiy ravishda jismoniy jazoga tortilgan;
- har beshinchi qiz va har yettinchi o‘g‘il bola jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi;
- 25 foizdan 50 foizgacha bolalar tahqirlashning qurboni bo‘ladi;
- o‘g‘il bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik ko‘pincha o‘qotar yoki boshqa qurol ishlatilgan holda sodir bo‘ladi va bu o‘limning asosiy sababi hisoblanadi.
Konferensiya yakunlariga ko‘ra, 2030 yilgacha bolalarga nisbatan zo‘ravonlik darajasini kamaytirish maqsadida davlatlar uchun maqsad va vazifalar belgilangan hujjat qabul qilindi. Burundi, Chexiya, Gambiya, Qirg‘iziston, Panama, Shri-Lanka, Uganda va Tojikiston hukumatlari har qanday sharoitda bolalarga nisbatan jismoniy jazoni taqiqlashga majburiyat oldi. Nigeriya hukumati maktablarda jismoniy jazoni taqiqlashni va’da qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UNICEF o‘z hisobotida bugungi kunda 370 milliondan ortiq qiz va ayol, ya’ni dunyo bo‘ylab har sakkizinchi qiz yoki ayol 18 yoshga to‘lishidan oldin zo‘rlangan yoki jinsiy tajovuzga uchraganini ma’lum qilingan edi.
LiveBarchasi