“Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz – Firdavs Abduxoliqov

Madaniyat-san’at

image
0:00
0:00
download

Ma’lumki, oxirgi kunlarda O‘zbekistonda xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan seriallar axloqsizlikni targ‘ib qilayotgani kun tartibida turibdi. Mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Uning izohi O‘zbekiston Kinematografiya agentligining Telegram’dagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi. 

Firdavs Abduxoliqovga ko‘ra, xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallarning badiiy va g‘oyaviy mazmuni talab darajasida emas.

“Bugungi kunda barcha telekanallarda milliy seriallarning soni ko‘payganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Tan olish lozimki, ayni paytda nodavlat telekanallar efiriga uzatilayotgan milliy seriallarning badiiy va g‘oyaviy mazmuni talab darajasida emasligi ko‘zga tashlanmoqda. Bir qator seriallar so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tomoshabinlar tomonidan tanqidiy muhokama etilganligi fikrimizning yaqqol dalilidir.

Serial janr sifatida endi-endi ommalashib bormoqda. Teleijodkorlarimizda bu borada zarur tajriba va ko‘nikmalar hali tugal shakllanmagan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning uchun esa vaqt, mablag‘ va malakali kadrlar zarur. Shu bois sohaga Hukumatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilib, ushbu muammolarni tizimli hal etish bo‘yicha salmoqli qadamlar qo‘yildi. 

O‘tgan 2021 yilda Kinematografiya agentligi tomonidan davlat buyurtmasi asosida telekanallar bilan hamkorlikda shifokorlarning zahmatli faoliyatiga bag‘ishlangan “Najotkorlar” (Zo‘r TV) hamda  “Orzular palatasi” (Sevimli TV), mahalla hayoti va tadbirkorlik mavzusidagi “Qodirxon” (Mening yurtim), shuningdek, “Mahalla”, “Tuzoq”, “Dard” va “Alvido bolalik” singari boshqa bir qator seriallar suratga olindi va olinmoqda. Shu bilan bir qatorda davlat buyurtmasi asosida suratga olingan “Behbudiy”, “Said va Saida”, “Avloniy”, “Qo‘qon shamoli”, “Sumbul” singari o‘nga yaqin badiiy filmlarning serial versiyasini ham yaratib, barcha telekanallarga bepul taqdim etildi. Lekin shuni alohida ta’kidlashimiz lozimki, Agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini sezmoqdamiz”, deydi Abduxoliqov.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov so‘zida davom etarkan, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayozligini urg‘ulaydi. U telekanal ta’sischilari jamoatchilikning tanqidlaridan kelib chiqib, zarur choralar ko‘rishi kerakligini aytadi:

“Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan “Sevimli” telekanalida namoyish etilayotgan “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz . Bu rejissyorning dastlabki ishlaridan biri ekanligiga qaramasdan telekanal Badiiy kengashi zarur darajada o‘z taklif, tavsiya va amaliy yordam bermaganligi ma’lum bo‘ldi. Jamoatchilik va teletomoshabinlarning bu serialga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarini telekanali ta’sischilari va ijodiy jamoasi, albatta, inobatga olib, zarur tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘rishi darkor”. 

Abduxoliqovga ko‘ra, kelgusida suratga olinayotgan kino mahsulotlarini badiiy va g‘oyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ Badiiy kengash tashkil etish zarurati tug‘ilmoqda. 

“Nodavlat telekanallari efirida uzatilayotgan va tomoshabinlar tomonidan tanqid qilinayotgan seriallarning asosiy qismi xususiy prodakshn studiyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Kelgusida mazkur studiyalar bilan hamkorlikda ishlashimiz, ularning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmasdan, ammo suratga olinayotgan kino mahsulotlarini badiiy va g‘oyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ Badiiy kengash tashkil etish zarurati yaqqol ko‘zga tashlandi. Ushbu tavsiyaviy harakterga ega Kengashga kino san’ati sohasidagi malakali, yetuk va professional mutaxassislar jalb etilishini taklif qilaman. 

Hozirda kuzatilayotgan kamchiliklarni oldini olish uchun biz bu jarayonda barcha telekanallar va xususiy prodakshn studiyalar bilan milliy seriallar ishlab chiqarish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish, endilikda son emas, seriallar sifatiga alohida e’tibor qaratamiz.

Eng muhimi, xalqimizning ma’naviy ehtiyojlarini qondiradigan, badiiy mazmuni yuqori, g‘oyaviy jihatdan milliy manfaatlarimizga javob beradigan seriallarni tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur loyihasini ishlab chiqib, Hukumatimizga kiritish asosiy vazifamiz hisoblanadi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Statistika qo‘mitasining korxona va tashkilotlarning ochiq ma’lumotlari ba’zasiga ko‘ra, “Sevimli” telekanali “Master media production and broadcast” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida tashkil etilgan bo‘lib, uning ta’sischilari Sharapova Firuza Sadriddinovna (70%), Rashidova Amira Firdavsovna (20%), Abduxalikov Abdullojon Firdavsovich (10%) hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganmanini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi


Maqola muallifi

Teglar

Firdavs Abduxoliqov

Baholaganlar

193

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing