YPX xodimini “kapot”da sudrab ketgan haydovchi ustidan jinoyat ishi ochildi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha yo‘l-patrul xizmati xodimlari ko‘chada haydovchini mashinadan tushirib, qo‘lini qayirgancha yerga yotqizgani aks etgan videolar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 5 aprel kuni Toshkent shahrida yuqori tezlikda harakatlangan Malibu haydovchisi YPX xodimini “kapot” ustida sudrab ketgan. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda shahar IIBB YHXB xabar berdi.

Hodisa Mirobod tumani Nukus-Abdulla Qahhor ko‘chalari kesishgan chorrahada yuz bergan. Haydovchi davlat raqam belgilari o‘zboshimchalik bilan yechilgan, maxsus antenna va “sirena” moslamasi o‘rnatilgan Malibu-2 rusumli avtomobilda yuqori tezlikda harakatlangan. U o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

Bundan tashqari, bir necha marotaba YPX xodimlarining to‘xtash ishoralariga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan. Haydovchi kichik serjant yaqinlashayotganini ko‘rib tursa-da, to‘xtamay uni avtomobili bilan turtib yuborgan. Shundan so‘ng Nukus ko‘chasi bo‘ylab “kapot” ustida sudrab ketgan.

YPX xodimiga olgan tan jarohati sababli shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Holat yuzasidan Mirobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

“Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Barcha haydovchilardan belgilangan qoidalarga amal qilish so‘raladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda YPX xodimini bosib ketgan mast haydovchi haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

IIBB jinoyat YHXB

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing