Yerdan 25 yorug‘lik yili uzoqlikda yashash uchun yaroqli sayyora topildi
Bu qiziq
−
18 iyul 39656 2 daqiqa
Yerdan taxminan 25 yorug‘lik yili uzoqlikda, Jiraf (Kamelopardalis) yulduz turkumida joylashgan GJ 3378b sayyorasi yerdan tashqaridagi hayot uchun eng istiqbolli nomzodlardan biri bo‘lishi mumkin. Yangi tadqiqotning ko‘rsatishicha, u o‘z yulduzining hayot zonasida (yashash uchun qulay hududda) joylashgan va unda suyuq suv mavjud bo‘lishi uchun potensial sharoitlar bor. Bu haqdagi tadqiqot “The astrophysical journal” jurnalida e’lon qilindi.
Kaliforniya universiteti (Irvayn) olimlarining ma’lumotlariga ko‘ra, sayyora Yer Quyoshdan oladigan issiqlik va radiatsiya miqdorining qariyb 90 foizini qabul qiladi. Bu shuni anglatadiki, u muayyan sharoitda suyuq suv – hayotning mavjud bo‘lishi uchun asosiy omillardan biri saqlanib qolishi mumkin bo‘lgan hududda joylashgan.
Shu bilan birga, insoniyat hozircha GJ 3378b sayyorasiga yetib borish imkoniyatiga ega emas. Agar soatiga taxminan 11,1 kilometr/sekund tezlikka ega bo‘lgan “Apollo-10” kosmik kemasining tezligidan foydalanilsa, ushbu sayyoragacha bo‘lgan parvoz taxminan 675 ming yil davom etgan bo‘lardi.
Dastlab GJ 3378b gaz giganti deb hisoblangan edi. Ob’ekt 2024 yilda kashf etilganidan so‘ng, fransiyalik tadqiqotchilar uning massasini Yer massasidan taxminan 5,26 baravar katta deb baholagan va sayyorani suyuq suv mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan zich vodorod atmosferasiga ega “mini-Neptun” sinfiga tegishli deb taxmin qilgan.
Endilikda eng asosiy savol – sayyora o‘z yulduzidan taraladigan radiatsiya va kuchli zarrachalar oqimi ta’sirida o‘z atmosferasini saqlab qola olganmi-yo‘qmi, degan nuqtada qolmoqda. Uning atmosferasini to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘rganish hozircha imkonsiz: Yerdan kuzatuvchilar nuqtai nazaridan GJ 3378b o‘z yulduzining oldidan kesib o‘tmaydi, shu sababli “James Webb” teleskopi zarur tahlillarni o‘tkaza olmaydi.
Ehtimoliy hayot belgilarini yanada batafsil qidirish imkoni faqat kelajakda – NASA 2040-yillarda ishga tushirishni rejalashtirayotgan “Habitable Worlds Observatory” kabi yangi kosmik rasadxonalar faoliyat boshlaganidan keyingina bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar Yerga o‘xshash, 49 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan va yuzasida suyuq suv mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan sayyorada atmosfera borligini ilk bor tasdiqlagandi.
Live
Barchasi