O‘zbekistonda elektr iste’moli bo‘yicha to‘rtinchi rekord qayd etildi
Jamiyat
−
18 iyul 4335 1 daqiqa
O‘zbekiston yagona energetika tizimida kecha, 17 iyul kuni elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yangi rekord qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 17 iyul kuni sutkalik elektr energiyasi iste’moli 293,4 million kilovatt-soatni tashkil etgan. Bu o‘tgan yil yoz mavsumida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 20,8 million kilovatt-soat yoki 7,6 foizga yuqori.
Shuningdek, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 296,1 million kilovatt-soatga yetib, yangi rekord o‘rnatilgan. Mazkur ko‘rsatkich joriy yilning 16 iyulida qayd etilgan 295,4 million kilovatt-soatlik rekorddan 0,7 million kilovatt-soat yoki 0,24 foizga ko‘p.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bilan birga hisoblaganda, 17 iyul kuni jami 305 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu avvalgi kundagisiga nisbatan 9,6 million kilovatt-soat yoki 3,2 foizga ko‘pdir.
Qayd etilishicha, dispetcherlik xizmatlari elektr tarmoqlaridagi yuklama, elektr uzatish tarmoqlari hamda transformatorlarning texnik holatini real vaqt rejimida doimiy nazorat qilib boradi. Zarurat tug‘ilganda uskunalarning ortiqcha yuklanishi va qizib ketishining oldini olish maqsadida yuklamani qayta taqsimlash hamda boshqa tezkor choralar ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan o‘ta yuqori yuklama sabab ayrim hududlarda elektr ta’minoti 2 soatgacha vaqtincha cheklangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi