Trampga hisobot: NATO sammitni qurol-yarog‘ shartnomalari namoyishidan boshladi (video)

Olam

image

Bugun, 7 iyul kuni NATO yetakchilari Turkiyadagi sammitni o‘nlab milliard AQSH dollarlik qiymatdagi qurol-yarog‘ shartnomalarini e’lon qilish bilan boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, bu orqali ular AQSHning Yevropa mudofaasi uchun ko‘proq mablag‘ ajratish chaqiriqlariga amal qilayotganini Prezident Donald Tramp ishtirokida o‘tadigan sammit oldidan namoyish etmoqchi.

Ma’lum qilinishicha, poytaxt Anqaradagi mudofaa sanoati forumida musiqa va taqdimot videolari ostida NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bir qator yangi tashabbuslarni e’lon qilgan. U NATOga a’zo davlatlar vakillarini sahnaga taklif qilgan va imzolangan kelishuvlarning umumiy qiymati ekranda namoyish etilgan.

“Biz birgalikda harakat qilganimizda yanada ko‘proq ish qila olamiz va aynan shuni qilishimiz kerak. NATO ittifoqchilari yangi ko‘p millatli qo‘shma xarid koalitsiyalariga qo‘shilmoqda. Bu bizga turli yo‘nalishlarda zarur imkoniyatlarni yanada ko‘proq ta’minlashga yordam beradi”, degan Ryutte.

Sammitda katta ta’sir qoldirish maqsadida shu paytgacha maxfiy saqlangan kelishuvlar qatorida Yevropa davlatlarining AQSHning Northrop Grumman kompaniyasidan kuzatuv dronlarini xarid qilishi hamda NATOning Shvetsiyaning Saab kompaniyasidan samolyotlar sotib olishi ham bor.

Ryuttening aytishicha, NATO mamlakatlari keyingi besh yil ichida dronlarga qarshi mudofaa tizimlariga 40 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarflaydi.

Bu e’lonlar Trampning Yevropani mudofaa xarajatlarini yetarli darajada oshirmayotgani va xavfsizlik masalasida NATO orqali AQSHga ortiqcha tayanayotgani haqidagi tanqidlarini yanada dolzarblashtirgan. Tramp ham Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi videomurojaatida Yevropa o‘z mudofaasi uchun ko‘proq mablag‘ sarflashi lozimligini yana bir bor ta’kidlagan.

Ryutte Yevropa davlatlaring Rossiyadan xavotirlar kuchaygani va Trampning “juda qat’iy” chaqiriqlari ta’sirida mudofaa xarajatlarini “misli ko‘rilmagan darajada” oshirganini aytgan. Uning ma’lum qilishicha, NATOning Yevropa a’zolari va Kanada 2025 yilda mudofaa uchun 2024 yilga nisbatan real hisobda 90 milliard AQSH dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflab, umumiy xarajatlarni 570 milliard AQSH dollaridan oshirgan. Bu qariyb 20 foizlik o‘sishni anglatadi.

Manbaga ko‘ra, sammit yakunida NATO a’zolari Ukrainaga qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor tasdiqlashi va 2026 yil uchun 70 milliard yevro (80 milliard AQSH dollari) miqdorida yordam ajratishga va’da berishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The New York Times” to‘rt nafar yuqori lavozimli ma’muriyat rasmiysiga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga Anqarani F-35 beshinchi avlod qiruvchi samolyotlari dasturiga qayta qo‘shishga tayyorligini ma’lum qilishi kutilayotganini bildirgandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing