Tramp F-35 qiruvchilarining Turkiyaga sotuvini qayta tiklashi mumkin – NYT
Olam
−
07 iyul 1757 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga Anqarani F-35 beshinchi avlod qiruvchi samolyotlari dasturiga qayta qo‘shishga tayyorligini ma’lum qilishi kutilmoqda. Bu haqda “The New York Times” to‘rt nafar yuqori lavozimli ma’muriyat rasmiysiga tayanib xabar berdi.
Xabar Trampning NATO sammitida ishtirok etish uchun Anqaraga yo‘l olgani va u yerda Erdo‘g‘on bilan uchrashishi kutilgan bir paytda e’lon qilingan. Sammit bugun, 7 iyul kuni kechqurun boshlanadi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, rasmiylar Tramp Kongress va amaldagi qonunchilik cheklovlarini qanday aylanib o‘tishga harakat qilishi borasida turlicha fikr bildirgan. Biroq ularning aytishicha, bu masala bo‘yicha ikki davlat rahbari o‘rtasida rasmiy maktublar almashinuvi bo‘lishi mumkin.
Turkiyaning 2019 yilda Rossiyadan S-400 havo hujumidan mudofaa tizimini sotib olishi Anqara va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni sovutgan hamda Kongressning Turkiyani qo‘llab-quvvatlashini qiyinlashtirgan edi. Bunga javoban AQSH Turkiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan va uni F-35 qiruvchi samolyotlari dasturidan chiqargandi.
Shuningdek, Kongress Anqara S-400 tizimiga egalik qilar ekan, Turkiyaga F-35 samolyotlarini sotishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgan. AQSH qonunchilari Rossiya tizimi Amerikada ishlab chiqarilgan jangovar samolyotlar xavfsizligiga tahdid solishini ta’kidlagan.
Bu masala Donald Tramp davrida ikki davlat munosabatlari yaxshilanganiga qaramay, AQSH va Turkiya o‘rtasidagi asosiy kelishmovchiliklardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, bu xabar ikki davlat munosabatlari yaxshilanayotganining yana bir belgisi sifatida baholangan. “Reuters” ko‘rgan rasmiy hujjatga ko‘ra, o‘tgan oy Tramp ma’muriyati Turkiyaga qiymati 700 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan o‘nlab aviatsiya dvigatellarini sotish niyati haqida Kongressni rasman xabardor qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil 25 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Tramp uchrashuvda Erdo‘g‘anga Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatish haqidagi iltimosini qabul qilishiga ishonishini aytgan va Anqaraga ilg‘or F-35 qiruvchi samolyotlarini xarid qilish imkonini berish uchun AQSH sanksiyalarini bekor qilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi