Erdo‘g‘an va Tramp Oq uyda nimalarni muhokama qildi?
Olam
−
26 Sentabr 3129 3 daqiqa
Kecha, 25 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Tramp uchrashuvda Erdo‘g‘anga Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatish haqidagi iltimosini qabul qilishiga ishonishini aytgan va Anqaraga ilg‘or F-35 qiruvchi samolyotlarini xarid qilish imkonini berish uchun AQSH sanksiyalarini bekor qilishi mumkinligini ma’lum qilgan.
AQSH Prezidenti ikki soatlik uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga bergan bayonotida suhbat “ko‘plab masalalarda juda samarali” bo‘lganini aytgan, biroq batafsil tafsilot bermay, bu yaqin orada alohida e’lon qilinishini bildirgan.
Tramp jurnalistlarning Turkiya Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatish ehtimoli haqidagi savoliga ishonch bilan javob bergan.
“U to‘xtatadi deb o‘ylayman. Nega desangiz, chunki u buni boshqa ko‘plab joylardan sotib olishi mumkin”, deydi u.
Rossiya neftini sotib olayotgan boshqa ikki Yevropa davlati – Vengriya va Slovakiya haqida esa Tramp yumshoqroq munosabat bildirgan va ularning energiya manbalari bo‘yicha imkoniyatlari cheklanganini aytgan.
Oq uydagi uchrashuv paytida yonma-yon o‘tirgan Tramp Erdo‘g‘anni “juda qattiqqo‘l odam” deb atagan va ular do‘st bo‘lib qolayotganini, avvalgi prezident Jo Bayden davrida esa munosabatlar ancha sovuq bo‘lganini eslatgan.
AQSH yetakchisi jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Turkiyaga F-35 sotish bo‘yicha kelishuvga oz qolganiga ishora qilgan. U, shuningdek, Turkiyaga qarshi sanksiyalar “juda tez orada” olib tashlanishi mumkinligini va “agar uchrashuv yaxshi o‘tsa, deyarli darhol” bekor qilinishini qo‘shimcha qilgan.
Tanqidchilari tomonidan tobora avtoritar rahbarlar sifatida ko‘rilayotgan Tramp va Erdo‘g‘an ilgari murakkab munosabatlarga ega bo‘lgan. Ammo Trampning qayta hokimiyatga kelishidan so‘ng ularning manfaatlari Suriya masalasida mos tushmoqda – bu ilgari ikki davlat munosabatlaridagi eng katta qarama-qarshilik manbai edi. Endi esa AQSH va Turkiya markaziy hukumatni qo‘llab-quvvatlamoqda.
AQSH sanksiyalari F-35 savdolarini to‘sib turibdi
Munosabatlardagi iliqlik Anqaraga Tramp va Erdog‘an o‘zaro yo‘l topib, 2020 yilda Turkiyaning Rossiyadan S-400 zenit raketasini xarid qilgani uchun o‘sha paytda Trampning o‘zi joriy etgan AQSH sanksiyalarini chetlab o‘tishga umid uyg‘otmoqda. Bu esa Turkiyaga Lockheed Martin ishlab chiqargan ilg‘or F-35 qiruvchilarini qayta sotib olish yo‘lini ochishi mumkin.
Erdo‘g‘an uchrashuv kun tartibida mudofaa sanoati masalalari, jumladan, F-35 lar, shuningdek, Turkiya sotib olishni istayotgan 40 ta F-16 samolyoti, mintaqaviy urushlar, energetika va savdo masalalari muhokama qilinishini ma’lum qilgan.
NATOdagi ikkinchi yirik armiyaga ega Turkiya Yaqin Sharq, Sharqiy O‘rta Yer dengizi va Qora dengizda – Rossiya va Ukraina bilan qo‘shni bo‘lgan hududlarda kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga qarshi havo qudratini oshirishni maqsad qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentlar joriy yilning 25 iyun kuni NATO sammiti doirasida Gaagada uchrashgandi. Ular o‘rtasidagi ushbu muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tgan.
Live
Barchasi