Rossiyada o‘zbekistonlik erkak terroristik guruhga aloqadorlikda ayblanib, qo‘lga olindi

Olam

image

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Telegram orqali terroristik guruh safiga qo‘shilishga da’vat qilingan, biroq bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan o‘zbekistonlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1999 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi o‘tgan kuzda Telegram orqali Rossiyada taqiqlangan “Islom davlati” (ISHID) terrorchilik tashkilotining xalqaro qidiruvdagi a’zosi bilan aloqa o‘rnatgan. Ular olti oy davomida muntazam yozishmalar olib borgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, suhbatlar davomida mazkur shaxs terroristik guruh safiga qo‘shilish, janglarda qatnashish uchun Suriyaga borish hamda terrorchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida pul o‘tkazishga undalgan.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, erkak ushbu holat haqida tegishli organlarga xabar bermagan. Shu sababli unga Rossiya Jinoyat kodeksining 205.6-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik) bilan ish ochilgan. Bildirilishicha, hozirda tergov davom etmoqda.

Agar uning terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashgani yoki pul o‘tkazmalari amalga oshirgani aniqlansa, unga nisbatan qo‘shimcha ayblovlar qo‘yilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-Jersi shtatida 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi oilaviy zo‘ravonlik va qurol bilan bog‘liq jinoyatlarda gumonlanib hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing