Rossiyada 23 yil qamoqda o‘tirgan o‘zbekistonlik Vatanga qaytishi bilan yana uzoq muddatga “kesildi”

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Rossiyaning Kemerovo sudi hukmi bilan 23 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan O‘zbekiston fuqarosi jazoni to‘liq o‘tab, Vataniga qaytishi bilan qo‘lga olindi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, Rossiyadan qaytgan erkak Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan hibsga olingan. Bunga sabab 51 yoshli erkak bundan 24 yil avval Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroning uyida bosqinchilik qilgan.

Uning ikki bosqinchi sherigi 20 yilga qamalgan. Bu erkak esa jazodan qutulib qolaman deb xorijga qochib qolgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudining ochiq sud majlisida 24 yil avvalgi jinoyat ishi ko‘rildi.

O‘zganing mulkiga zo‘ravonlik bilan ega chiqishni ko‘zlagan yigitlardan biri 1996 yili qaynotasiga atab xat yozdiradi. Sudlanayotgan shaxs esa xatni tashlab keladi. Xatda “VAZ 2106” rusumli mashinasi va pullarni bermasa, uyni yoqib yuborishi va Samarqand davlat universitetining Huquqshunoslik fakultetida tahsil olayotgan qizini o‘g‘irlab ketish bilan qo‘rqitilgan jumlalar bo‘lgan.

Yigitlar buyurtmachi sherigining qaynotasiga kuch ishlatib, moddiy boyliklarini qo‘lga kiritadi.

“Uyga borganimizda soat 1-2 lar edi. Uch kishi bo‘lib bordik. Kuyovning o‘zi bormadi.

O‘sha vaqt 26 yosh edim. Sherigim bir odamdan qarzimni olamiz deb meni boshlab bordi. Uyga borganda to‘polon bo‘ldi. Men keyin uydan chiqib ketdim. Boshqa hech nima qilmagandim. Keyin Rossiyaga ketvordim”, deydi ayblanuvchi.

Hozir jabrlanuvchi – qaynota va uning ayoli hayot emas. Ularning o‘rniga marhumlarning jiyani sudda ishtirok etgan.

Sud ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “v” (uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan tovlamachilik) bandi bilan 12 yil, kodeksning 267-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan 12 yil, kodeksning 164-moddasi 4-qismi "v" bandi (uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bosqinchilik) bilan 15 yil, kodeksning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish bilan uzil-kesil 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat

Baholaganlar

1801

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing