Toshkentda 29 nafar hokimlik xodimi jinoyat sodir etgani aniqlandi
3-sahifa
−
24 iyun 4525 2 daqiqa
Toshkent shahrida 29 nafar hokimlik xodimi jinoyat sodir etgani aniqlandi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining joriy yil 23 iyundagi “Toshkent shahar hokimligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tomonidan olib borilayotgan faoliyat, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish, bunda, OAV va internet tarmog‘idan foydalanish holatlarini o‘rganish hamda natijalarini muhokama etish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘ylab hokimlik tizimida faoliyat yuritayotgan 29 nafar xodim jinoyat sodir etgani aniqlangan. Bundan tashqari, hokimlik xodimlari tomonidan jami 1 353 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari sodir etilgan bo‘lib, ularning barchasi tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Mirobod, Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlarining 4 nafar yordamchisi hamda Yakkasaroy tumani hokimining qurilish va ekologiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bilan korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, davlat xizmatchilarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yishi eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘rganishlar natijasida 167 nafar xodimning tijorat tashkilotlarida ishtiroki borligi aniqlangan. Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida quyidagi qat’iy choralar ko‘rilgan:
- 6 nafar xodimning 20 ta tadbirkorlik sub’ektidagi ta’sischilik faoliyati tugatilgan;
- 13 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan;
- 7 ta tijorat tashkiloti tugatish jarayoniga o‘tkazilgan va 2 ta tashkilot davlat reyestridan chiqarilgan;
- 4 nafar xodimning rahbarlik lavozimlaridagi faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Umumiy hisobda 49 nafar xodim bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 55 nafariga nisbatan Odob-axloq komissiyalari tomonidan “ogohlantirish” choralari qo‘llangan.
2026 yilning yanvar oyida qabul qilingan qaror va farmoyishlarning 50,4 foizi “yashirilgan” holda joylashtirilgan. Aprel oyiga kelib, ochiq e’lon qilingan qarorlar ulushi 67 foizga yetkazilgan. Shuningdek, Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tomonidan 350 ta qaror loyihasi ko‘rib chiqilib, ulardan 7 tasi rad etilgan, 153 tasi esa muvofiqlashtirilgan.
O‘rganishlar natijasida Toshkent shahar hokimligining zaxira jamg‘armasidan yo‘naltirilayotgan mablag‘lardan 2 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ tejalishiga erishilgan.
Ishga qabul qilish uchun tavsiya etilgan 83 nafar nomzoddan 75 nafari ijobiy xulosa olgan bo‘lsa, 8 nafar nomzodning o‘tmishi yoki faoliyatidagi shubhali holatlar sababli ularga salbiy xulosa berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahrida hokim yordamchisi kambag‘allikni qisqartirish uchun ajratilayotgan kreditni fuqaroga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 200 dollar pul talab qilgan vaqtda qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi