“Rosatom”dagi moliyaviy muammolar Markaziy Osiyodagi AES loyihalarini kechiktirishi mumkin
Olam
−
23 iyul 3870 3 daqiqa
Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi noqulay iqtisodiy sharoit sababli investitsiya dasturini deyarli ikki baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniyaning xorijdagi, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘istondagi loyihalarini amalga oshirish muddatiga ta’sir qilishi mumkin. Bu haqda “Eurasianet” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston tez orada atom energetikasini rivojlantirish rejasini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Markaziy Osiyoning har ikki davlatida atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuvlarga ega bo‘lgan Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.
“Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov “noqulay iqtisodiy sharoitlar” sababli kompaniya joriy yilda o‘z investitsiya dasturini deyarli 50 foizga qisqartirayotganini e’lon qilgan. Lixachyov, shuningdek, “Rosatom” yaqin 18 oy ichida operatsion xarajatlarni 10 foizga kamaytirishga harakat qilishini aytgan.
“Biz bir nechta me’yorlarga, eng avvalo, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda samaradorlikka, ya’ni investitsiya qilingan har bir rublga to‘g‘ri keladigan ko‘proq foyda va daromad olish tamoyiliga amal qilgan holda, darhol bir qator loyihalardan voz kechdik yoki ularni amalga oshirish muddatini keyinroqqa surdik”, deydi Lixachyov “Reuters”ga.
Kompaniyaning muammolari Kremlning Ukrainadagi davom etayotgan harbiy kampaniyasi bilan keng bog‘lanmoqda. Bu, umuman olganda, Rossiyani moliyaviy kuch-quvvatidan mahrum qilgan. Xalqaro sanksiyalar ham “Rosatom” faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda.
Lixachyov aynan qaysi loyihalar qisqartirilayotgani yoki kechiktirilayotganiga aniqlik kiritmagan. Qozog‘iston 2025 yilda Markaziy Osiyodagi ushbu davlatning Balxash ko‘li sohilida joylashadigan birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha “Rosatom” bilan shartnoma imzolagan. O‘shandan beri loyiha kechiktirishlar va nizolarga duch kelgan. Ko‘pchilik kuzatuvchilar buni “Rosatom”ning moliyalashtirishni qo‘lga kiritishdagi qiyinchiliklari bilan bog‘liq deb taxmin qilgan. Lixachyovning bayonoti loyiha 2030-yillarning o‘rtalariga mo‘ljallangan taxminiy yakunlash muddatiga ulgura olishiga bo‘lgan shubhalarni yanada oshiradi.
“Rosatom”, shuningdek, O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha dastlabki kelishuvga ega. Bundan tashqari, kompaniya mulozimlari 2026 yil boshida O‘zbekistonga yadroviy klaster yaratish uchun bitimni kengaytirishni taklif qilgan.
“Qozog‘iston va O‘zbekistonning “Rosatom”ga muqobil variantlari mavjud. Ostonada Xitoy kompaniyasi mamlakatda ikkita AES qurishi bo‘yicha kelishuv allaqachon mavjud. Bundan tashqari, Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham kichik modulli yadroviy reaktorlarni rivojlantirish uchun AQSH bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, tarixan Rossiya hukumati uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgan “Rosatom” moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan yagona yirik Rossiya tuzilmasi emas. “Gazprom” energetika gigantining aksiyalari narxi oxirgi uch oy ichida keskin tushib ketgan va kompaniyaning bozor kapitallashuvi hozirda bor-yo‘g‘i 25 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi AES maydonchasida ishlashga qaror qilgan mahalliy va Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonalariga maksimal darajada imtiyozlar berilishi haqida xabar qilingan edi. Shuningdek, Aleksey Lixachyov O‘zbekistondagi AES qurilish maydonchasida faqatgina bitta kichik blokning barpo etilishi Rossiya korxonalarini 2 trillion rublgacha (taxminan 24,7 mlrd dollar) bo‘lgan buyurtmalar va taxminan mingta ish o‘rni bilan ta’minlashini aytgan edi.
Live
Barchasi