“Rosatom” O‘zbekiston kompaniyalarini AES qurilishida ishtirok etishga chaqirdi
Jamiyat
−
21 aprel 5747 2 daqiqa
O‘zbekistondagi AES maydonchasida ishlashga qaror qilgan mahalliy va Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonalariga maksimal darajada imtiyozlar beriladi. Bu haqda bugun, 21 aprel kuni “Atomstroyeksport” AJ (“Rosatom”ning injiniring bo‘linmasi) vitse-prezidenti, O‘zbekistonda AES qurish loyihasi direktori Pavel Bezrukov Toshkentdagi “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasida ma’lum qildi.
“Yangiliklarni, “Rosatom” va mahalliy saytlarda xaridlarni qanday joylashtirishimizni diqqat bilan kuzatib borishingizni so‘rayman. Chunki biz uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan resurs, uskuna va materiallar yetkazib beruvchilar, shu jumladan Rossiya bilan tuzilgan qo‘shma korxonalar juda zarur. Bunday kompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha butun bir reja mavjud. Biz bu yerda ishlaydiganlarga har tomonlama yordam beramiz. Tegishli ravishda, eng yuqori imtiyozlar aynan O‘zbekiston kompaniyalari yoki qo‘shma korxonalar uchun bo‘ladi”, deydi Bezrukov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak atom stansiyasining yo‘ldosh shahri quriladigan aniq joy allaqachon belgilangan, shaharning bosh rejasi ishlab chiqilgan, loyiha hujjatlari shakllantirilmoqda va investitsiyalarni jalb qilish boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida va Jizzax viloyatining Forish tumanidagi bo‘lajak AES qurilish maydonchasida bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida strategik hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolangani hamda dastlabki beton ishlariga rasman start berilgani haqida xabar berilgan edi. Hujjatni “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzolagan. Hozirgi vaqtda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichni joriy yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan. Jami 900 metr kubga yaqin beton qorishmasi yotqiziladi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevori uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asos tayyorlanadi.
Shuningdek, “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov O‘zbekistondagi AES qurilish maydonchasida faqatgina bitta kichik blokning barpo etilishi Rossiya korxonalarini 2 trillion rublgacha (taxminan 24,7 mlrd dollar) bo‘lgan buyurtmalar va taxminan mingta ish o‘rni bilan ta’minlashini aytgandi.
Live
Barchasi