Piyodani urib yuborishiga sal qolgan Tesla haydovchisiga chora ko‘rildi
3-sahifa
−
18 iyul 3756 1 daqiqa
Toshkentdagi Parkent bozori ro‘parasida joylashgan chorrahadan o‘ta yuqori tezlikda harakatlanib, piyodani urib yuborishiga sal qolgan Tesla haydovchisi aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda haydovchining chorrahadan yuqori tezlikda o‘tib, piyodani urib yuborishiga sal qolgani aks etgan. O‘tkazilgan surishtiruvlar davomida haydovchining shaxsi aniqlanib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3moddasi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi) asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
To‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud qarori bilan haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.
Shuningdek, jazo muddati tugagach, haydovchilik guvohnomasini qayta olish uchun u avtomaktabda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni to‘liq o‘tashi hamda nazariy imtihonda 50 ta savoldan kamida 46 tasiga to‘g‘ri javob berishi talab etiladi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ushbu haydovchining qoidabuzarliklari oqibatida jabrlangan fuqarolar bo‘lsa, yaqinidagi ichki ishlar organiga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Tracker 6 yoshli bolani bosib ketishi oqibatida bola voqea joyida vafot etgan edi.
Live
Barchasi