Kosonsoy tumani hokimi o‘rinbosari xizmat avtomashinasida qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
10:11 4132 1 daqiqa
Namangan viloyatida tadbirkorga tegishli yer maydonini olib qo‘yish bilan tahdid qilgan hokim o‘rinbosari 65 mln so‘m pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokimiyat organi vakilining noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.
Xususan, Kosonsoy tumani hokimi o‘rinbosari mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, hokimiyat tomonidan mahalliy tadbirkorga ijara asosida berilgan yer maydonini boshqa tadbirkorga olib berish bilan qo‘rqitib, undan tamagirlik yo‘li bilan o‘zining yashash xonadoniga 20 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib berishni talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari quyosh panellarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlari uchun 65 mln so‘m pul mablag‘ini o‘zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimining ikki o‘rinbosari poraxo‘rlik uchun qamalgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi23 Oktyabr