Kolumbiya dahshati: mamlakatdagi zilzila qurbonlari 132 kishiga yetdi (video)

Olam

image

Kecha, 10 avgust kuni Kolumbiyaning g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida 100 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Kolumbiya Prezidenti Abelardo De La Espriella xalqqa murojaat qilib, mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinganini bildirgan. U qurbonlar soni 111 nafarga yetganini aytib, hukumatning barcha imkoniyatlari insonlar hayotini saqlab qolish, jabrlangan aholiga yordam berish va zarur hududlarga yordam yetkazish uchun safarbar etilganini aytgan.

“Birinchi navbatdagi vazifa – vayronalar ostida qolgan odamlarni qutqarish”, degan mamlakat Prezidenti.

De La Espriella Tinch okeani sohilidagi Choko provinsiyasi poytaxti Kibdo shahriga borib, uy-joyidan ayrilgan fuqarolarga ijara subsidiyalari berilishini va’da qilgan. Shundan so‘ng u Kolumbiyaning g‘arbiy qismidagi eng yirik shahar – Kaliga yo‘l olgan.

Prezident 10 avgust kuni kechqurun mamlakat bo‘yicha qurbonlar sonini yangilashi kutilgan edi. Biroq u faqat Kali joylashgan Vale-del-Kauka provinsiyasi bo‘yicha ma’lumot bergan. Uning aytishicha, ushbu hududda 35 kishi halok bo‘lgan, 700 kishi jarohatlangan. Ayrim mahalliy OAVlar mamlakat bo‘yicha qurbonlar sonini 132 kishi deb xabar qilgan, biroq bu raqam qayerdan olingani noma’lum.

AQSH Geologik xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, 7,4 magnitudali zilzila 107 kilometr chuqurlikda yuz bergan. Kolumbiya Geologik xizmati esa bu mamlakatda XXI asrda qayd etilgan eng kuchli zilzila ekanini ma’lum qilgan.

Tunda ham qutqaruvchilar va ko‘ngillilar vayronalar ostida qolgan odamlarni izlashda davom etgan. Kali, Armanya va Manisales shaharlarida komendantlik soati joriy qilingan. Kali meri talon-toroj xavfi sababli ko‘chalarga politsiya va harbiylar jalb qilinganini bildirgan. Prezident shaharga qo‘shimcha 1 000 nafar xavfsizlik xodimi yuborilishini va’da qilgan.

Kali hukumati Tinch okeani musiqasiga bag‘ishlangan Petronio Alvares festivalini ham qoldirgan. Festival ertaga, 12 avgust kuni boshlanishi kerak edi.

Zilzila kuchli sezilgan Pereyra shahrida yosh bola novvoyxona vayronalari ostida qolgan. Manisalesda esa mashhur neogotik soborning yon minoralaridan biri qulab tushgan. Qutqaruvchilar, politsiya va ko‘ngillilar vayronalarni qo‘lda tozalab, tirik qolganlarni izlamoqda. Kali shahrida o‘t o‘chiruvchilar qulagan binodan 2 nafar ayol va 2 nafar bolani qutqargan.

Kolumbiya fuqaro aviatsiyasi idorasi Pereyra, Manisales, Kibdo, Armanya, Kartago va Buenaventura aeroportlarida faoliyatni vaqtincha to‘xtatgan. Muhandislar inshootlarning xavfsizligini tekshirmoqda.

Kolumbiya Tinch okeani “Olov halqasi” hududida joylashgan bo‘lib, mamlakatda har oy minglab, asosan kuchsiz zilzilalar qayd etiladi.

Northwestern University seysmologi Syuzan van der Li zilzilaning kuchli magnitudasi, quruqlik ichkarisida yuz bergani va siljish tipidagi tektonik harakat aholi zich joylashgan hududlarda vayronagarchilikni kuchaytirgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Kolumbiya Geologik xizmati 10 avgust kuni kechgacha 21 ta takroriy silkinish qayd etilganini ma’lum qilib, yana zilzilalar sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelada ketma-ket sodir bo‘lgan 7,2 va 7,5 magnitudali zilzilalar oqibatida yuzlab binolar vayron bo‘lib, 6 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing