Kiyev Qora dengizga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi

Olam

image

Ukraina Dnepr-Bug limani orqali Qora dengizga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi. Kemalarning bu hududdan o‘tishi Rossiya harbiylari tomonidan to‘sib qo‘yildi. Bu haqda Xerson viloyati gubernatori Vladimir Saldo RIA Novostiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, Xersondagi Dnepr daryosi va Nikolayevdagi Janubiy Bug daryosi bo‘yida joylashgan portlar Dnepr-Bug limani orqali Qora dengizga chiqadi. Hozir esa u yerda kemalarning harakatlanishi Rossiya harbiylari tomonidan amalda to‘sib qo‘yilgan.

“Xerson portlari Dnepr daryosida, Nikolayev porti esa Janubiy Bug daryosida joylashgan. Ularning Qora dengizga chiqishi Dnepr-Bug limani orqali amalga oshiriladi. Kemalarning u yerdan o‘tishi bizning harbiylar tomonidan amalda to‘sib qo‘yilgan”, degan Saldo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Qora dengiz havzasida, jumladan, Dnepr daryosida kemalar qatnovi deyarli to‘xtagan.

Ma’lumot uchun, Dnepr-Bug limani Qora dengizning shimoliy qismida, Xerson va Nikolayev viloyatlari hududida joylashgan. U Janubiy Bug va Dnepr daryolari bo‘yida joylashgan portlardan Qora dengizga chiqish imkonini beradi.

Avvalroq, “Financial Times” nashri Ukrainada Qora dengiz orqali don eksport qilish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganini yozgan edi. Nashr bunga Rossiya qo‘shinlarining Ukraina harbiylari foydalanayotgan Qora dengiz portlari hududidagi harbiy ob’ektlarga bergan zarbalarini sabab qilib ko‘rsatgan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina Qurolli kuchlari manfaatlariga xizmat qilayotgan port infratuzilmasi va kemalariga zarba berayotganini ma’lum qilgan.

Ukraina Agrar siyosati vaziri Taras Visotskiy joriy yilning iyul oyi oxirida xorijiy kemalar Ukraina portlariga kirishni to‘xtatganini tan olgan. Uning aytishicha, kemalarning Ukraina portlariga kirmay qo‘yishi Polsha – Ukraina chegarasida transport qatnovining izdan chiqishiga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaga Qora dengizdagi fuqarolik ob’ektlariga zarba berishni o‘zaro to‘xtatish taklifini yuborgan edi. Biroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina bilan Qora dengizda o‘zaro sulh tuzish uchun asos ko‘rmayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing