Xorazmda MIB xodimi pora olayotganda qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
10 mart
5821Xorazm viloyatida Majburiy ijro byurosi katta surishtiruvchisi fuqaroni MIB tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, DXX xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyati boshqarmasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot sho‘’basi katta surishtiruvchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Shovot tumanida yashovchi fuqaroni vakolatli hamkasblari orqali MIB tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilib, shundan 1800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent shahri va viloyatida Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga pora olgan Milliy gvardiya xodimlari qo‘lga tushgandi.