Qarshi shahri kengaytiriladi
Jamiyat
−
14 mart
5057Qashqadaryo viloyati markazi keyingi 18 yil ichida Koson, Qarshi va Ko‘kdala tumanlari hududiga qarab 7 767 gektarga, ya’ni qariyb ikki baravar kengayadi. Bu haqda 2025 yilning 25 fevralida kuchga kirgan Qarshi shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarorida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Qarshi shahri bosh rejasining loyihasi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan, shahar hududining 2042 yilgacha bo‘lgan davrda Koson, Qarshi va Ko‘kdala tumanlari hududiga kengayishi hisobga olingan.
Shahar hududi hozirgi paytda 8 ming 308,9 gektarni tashkil etsa, 2030 yilning oxiriga qadar 11 ming 26,8 gektar, 2042 yil yakunigacha esa 16 ming 73,6 gektargacha o‘zgaradi.
Shu yillarda shahar aholisi soni 300 ming kishidan mos ravishda 400 ming va 470 ming kishigacha ko‘payishi kutilmoqda, uy-joy fondi esa bugungi 3 million 992,27 ming kvadrat metrdan birinchi navbatda 7 million 200 ming kvadrat metr, hisob davrida 10 million 810 ming kvadrat metrgacha oshishi reja qilingan.
Shunda uy-joy bilan ta’minlanish darajasi bir kishiga o‘rtacha 14,1 kvadrat metrdan 2030 yilda 18 kvadrat metr, 2042 yilda 23 kvadrat metrgacha ko‘tariladi. E’tiborlisi, shahar uy-joy fondining umumiy maydonida 2-3 va 4-5 qavatli uylarning hissasi keskin kamayib, 7, 12, 14 va 16 qavatli uylarning hissasi esa, aksincha, ortadi, 9 va 20 qavatli uylar barpo etiladi.
Qarshi shahrining bosh rejasiga muvofiq, aholining ijtimoiy soha ob’ektlariga bo‘lgan talabini amaldagi me’yorlarga moslashtirish asnosida soha ko‘rsatkichlari jadal sur’atlarda o‘zgaradi. Masalan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining quvvati hozirgi 11,8 ming o‘rindan birinchi navbatda 22 ming, hisob davrida 29 ming 140 o‘ringacha, umumta’lim maktablari quvvati esa mos ravishda 38 ming o‘rindan 64 ming va 74 ming 260 o‘ringacha oshadi.
Xuddi shu tarzda shahardagi shifoxona va poliklinikalar, do‘konlar va umumiy ovqatlanish korxonalari, klublar va madaniyat saroylari, teatr va kinoteatrlar, mehmonxonalar va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalarining ham xizmat qamrovi kengayadi.
Shaharda magistral ko‘chalarning uzunligi (hozir 88 kilometr) 2030 yil oxirida 155,35 kilometr, 2042 yil yakunida 291,33 kilometrni tashkil qilib, yiliga tashiladigan yo‘lovchilar soni (hozir 96 million nafar) yaqin 6 yil ichida 160 million, 18 yildan keyin esa 235 million nafargacha ko‘payadi.
Muhandislik va texnik infratuzilma sohalari (ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya) bo‘yicha ham jadal rivojlanish nazarda tutilgan.
Qashqadaryo viloyati hokimligi zimmasiga qator muhim vazifalar, jumladan, uch oy muddatda Qarshi shahrining bosh reja loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Samarqand shahriga Samarqand tumanidan 170 gektar va Oqdaryo tumanidan 243 gektar yer maydoni qo‘shilib, shahar kengayishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi