“Qabul qilib bo‘lmaydigan holat”. Jeparov MTJ natijasini tanqid qildi
Sport
−
29 iyun 14358 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq hujumchisi Server Jeparov Fabio Kannavaro boshqarayotgan jamoaga 2026 yilgi Jahon chempionatida tajriba yetishmaganini va to‘p bilan muomala qilishda qator kamchiliklar kuzatilganini aytdi. Bu haqda u “Sports24.kz” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Bizda bunday yirik musobaqada ishtirok etish tajribasi yetishmadi. Bu O‘zbekiston terma jamoasining ilk Jahon chempionati edi. Kolumbiya va Portugaliya bizdan ancha kuchli jamoalar. Kongo Demokratik Respublikasi esa imkoniyatlarimiz doirasidagi raqib edi. Ammo biz futbolni to‘p bilan o‘ynashni o‘rganishimiz kerak. Futbol bu to‘p bilan o‘ynaladigan o‘yin. Biz esa har uchala uchrashuvda ham deyarli to‘psiz harakat qildik. Bu O‘zbekiston uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Biz to‘pga egalik qilishimiz, o‘yinni nazorat qilishimiz kerak. Bu bizning kuchli jihatimiz”, deydi Jeparov.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi terma jamoaning hujumni boshlashdagi kamchiliklarini tanqid qildi.
“Himoyalanish ham o‘yinning muhim qismi. Biroq to‘pni qaytarib olgandan keyin qanday harakat qilishimiz ham taktik jihatdan katta ahamiyatga ega. Shunchaki to‘pni oldinga tepib yuborish yechim emas. Uchta o‘yin statistikasi shuni ko‘rsatdiki, jamoamiz asosan to‘psiz o‘ynadi. Hozirda kuchli Yevropa chempionatlarida harakat qilayotgan atigi uch nafar futbolchimiz bor va bu juda kam. Biz to‘g‘ri tahlil qilishimiz hamda kelgusi Jahon chempionatlariga raqobatbardosh tarzda tayyorgarlik ko‘rish uchun to‘rt yildan sakkiz yilgacha mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqishimiz kerak. Eng muhimi, keyingi mundiallarda faqat ishtirok etish emas, balki munosib o‘yin ko‘rsatishga erishishimiz lozim”, deydi Jeparov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati “K” guruhining so‘nggi turida Kongo Demokratik Respublikasiga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Natijada terma jamoa mundialni 0 ochko bilan yakunladi.