“Izzat Nazarbek” nomini olgan “ko‘cha” ikki to‘pponcha bilan qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
10 avgust 6791 3 daqiqa
Toshkentda fuqaroni o‘ldiraman deb qo‘rqitib, undan 70 ming AQSH dollari undirgan shaxs qo‘lga olindi. Uni qo‘lga olish vaqtida mazkur shaxs tomonidan saqlab kelingan 2 dona to‘pponcha, o‘q-dorilar va pichoqlar ham topilgan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 2 nafar fuqaro murojaat qilib, o‘zini Izzat deb tanishtirgan shaxs va uning sheriklari tomonidan qo‘rqitish va bosim o‘tkazish orqali katta miqdorda pul mablag‘lari undirilganini bildirgan.
Murojaatchilardan birining aytishicha, u 2019 yilda Izzat ismli shaxs bilan hamkorlik qila boshlagan. Keyinchalik gumonlanuvchi undan ko‘proq pul talab qilib, o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Bu holat 2-3 yil davom etgan.
Yana bir murojaatchi esa gumonlanuvchi undan turli vaqtlarda 3-4 ming va 5 ming dollardan pul olib ketganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mebel tayyorlash bilan bog‘liq mojarodan keyin ham unga bosim o‘tkazilgan.
“Umumiy hisobda jami 70 ming AQSH dollarini mendan tazyiq qilib, kuch ishlatib oldi. Bermayman desam, urardi”, degan murojaatchi.
Birinchi murojaatchi BMW X5 rusumli avtomobil uchun 30 ming dollar, oshxona mebeli uchun esa 15 ming dollar berishga majbur qilingan. Undan umumiy hisobda 70 ming dollar mablag‘ olingani aytilgan.
Ikkinchi murojaatchi esa biznesga majburan sherik qilingani, Turkiyada jinoyat olami vakili bilan uchrashtirilgani va unga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilganini bildirgan. U qo‘rqitish orqali avtomobil sotib olishga hamda 38 ming dollar berishga majbur qilingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida yana bir ayol ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. U gumonlanuvchi shaxsiy suratlarini tarqatish bilan qo‘rqitib, uchrashish va jinsiy aloqa qilishga majburlaganini bildirgan.
“O‘sha shaxsiy rasmlarni tarqatish bilan qo‘rqitdi. Keyin Instagram’ga chiqazib yuboraman, sharmanda qilaman dedi. Ko‘rishganimizda ham zo‘ravonlik qildi, tazyiq o‘tkazdi”, degan ayol.
Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchining shaxsi aniqlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 1988 yilda tug‘ilgan Isoq ismli shaxs bo‘lib, “Izzat Nazarbek” laqabi bilan tanilgan. U Uchtepa tumanidagi sport zallaridan birida qo‘lga olingan.
Qo‘lga olishdan so‘ng o‘tkazilgan ko‘zdan kechirishda gumonlanuvchiga tegishli “Baykal” nomli 2 dona to‘pponcha, ularga tegishli o‘q-dorilar, pichoqlar hamda to‘pponcha g‘ilofi aniqlanib, protsessual tartibda olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) uchinchi qismi “a” bandi hamda 121-moddasi (Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish) to‘rtinchi qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan esa qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida “Mansur Kazanskiy” laqabi bilan tanilgan shaxs 100 ming AQSH dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olayotgan vaqtida qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust