Infantinoning hisobotga kiritilmagan 1,5 mln yevrolik daromadi oshkor bo‘ldi

Sport

−

image

FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilotdagi maoshidan tashqari, 2026 yilgi Jahon chempionatini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyadan ham 1,76 million dollar olgan. Biroq ushbu to‘lovlar FIFA’ning hisobotlarida aks ettirilmagan. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.

FIFA’ning 2024 yilgi yillik hisobotida Infantinoning daromadi 4,6 million yevroni tashkil etgani ko‘rsatilgan. Biroq manbaga ko‘ra, hujjatda 2026 yilgi Jahon chempionatini AQSHda tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi FWC2026 US Inc. sho‘’ba kompaniyasidan amalga oshirilgan taxminan 1,5 million yevrolik to‘lovlar haqida ma’lumot keltirilmagan.

“The Times” nashrining taxminiga ko‘ra, ushbu mablag‘lar Infantinoning Mayamidagi xarajatlarini qoplash uchun sarflangan bo‘lishi mumkin.

“Agar u FIFA bilan bog‘liq kompaniyalardan qo‘shimcha to‘lovlar olgan bo‘lsa va bu ma’lumotlar oshkor qilinmagan bo‘lsa, bu qoidalarning aniq buzilishi hisoblanadi. FIFA nizomlari to‘liq shaffoflikni talab qiladi”, deydi FIFA boshqaruv qo‘mitasining sobiq raisi Migel Maduro.

U mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

Avvalroq, Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA), Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (CONCACAF) Infantinoni FIFA Forward Enterprise loyihasi bilan bog‘liq firibgarlikda ayblagan edi. FIFA esa qoidabuzarlik haqidagi ayblovlarni rad etgan.

Ma’lumot uchun, 56 yoshli Janni Infantino 2016 yil fevral oyidan beri FIFA rahbari sifatida faoliyat yuritib keladi. U 2027 yil 18 mart kuni Rabotda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidenti saylovida yana bir muddatga o‘z nomzodini ilgari surmoqchi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing