Infantino FIFA’ga a’zo davlatlarga 40 mln dollardan “pora” taklif qildi

Sport

image

FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati tijorat huquqlarining bir qismini tashqi investorlarga sotish rejasini qo‘llab-quvvatlagan taqdirda, tashkilotga a’zo har bir milliy assotsiatsiyaga 40 million dollargacha mablag‘ ajratilishini va’da qildi. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi. 

Nashrning yozishicha, Infantino mazkur taklifni FIFA’ning barcha 211 a’zo assotsiatsiyasiga yuborgan. Assotsiatsiyalarga qaror qabul qilish uchun 53 kun muhlat berilgan.

“Ushbu taklifni qabul qilish yoki qilmaslik to‘liq sizlarning qaroringiz. Agar uni ma’qullasangiz, 10 milliard dollarlik paket 2027 yil 1 yanvardan amalga oshiriladi. Bu esa umumiy taraqqiyot yo‘limizning yangi bosqichini boshlab beradi. Agar mavjud tizimni saqlab qolishni va ushbu taklifni rad etishni ma’qul ko‘rsangiz, biz avval e’lon qilinganidek, Forward dasturini 2,7 milliard dollargacha kengaytirishga tayyormiz. Umuman olganda, har bir a’zo assotsiatsiya 2027 yil 1 yanvardan boshlanadigan navbatdagi sikl davomida ushbu taklif doirasida 40 million dollargacha mablag‘ olishi mumkin”, deyiladi assotsiatsiyalarga yo‘llangan maktubda.

Shu bilan birga, tashqi investorlar bilan kelishuvga qarshi bo‘lgan manbalar Infantinoga nisbatan keskin munosabat bildirgan. Ular FIFA prezidentining moliyalashtirish hajmini oshirish haqidagi taklifini “sof poraxo‘rlik” deb baholagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati tijorat huquqlaridagi ulushning bir qismini xususiy investorlarga sotishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Keyinchalik Yevropa futbol ittifoqi (UEFA) mazkur holat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazishini va agar Infantino ushbu rejasidan voz kechmasa, UEFA’ga a’zo mamlakatlar Jahon chempionatini boykot qilish masalasini ham ko‘rib chiqishini ham ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing