Indoneziyada 271 nafar yo‘lovchisi bor parom yonib ketdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Indoneziyaning Sharqiy Yava provinsiyasidagi Surabaya shahridan Janubiy Sulavesidagi Makasarga yo‘l olgan, bortida 271 kishi bo‘lgan yo‘lovchi paromi yonib ketdi. Oqibatda kamida 5 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab yo‘lovchilar bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi

 

Kecha, 2 avgust kuni sodir bo‘lgan hodisa Madura orolining shimolidagi Sumenep regensiyasi yaqinida yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Mutiara Sentosa 2 paromida 232 nafar yo‘lovchi, 39 nafar ekipaj a’zosi hamda 181 ta transport vositasi, jumladan, yuk mashinalari va ekskovator bo‘lgan.

Qayd etilishicha, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 06:00–07:00 oralig‘ida boshlangan. Parom operatori PT Atosim Lampung Pelayaran voqea haqida taxminan bir soat o‘tib qutqaruv xizmatlariga xabar bergan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, kema kapitani Madura orolining shimoliy qismi yaqinida parom yonayotgani haqida xabar bergan, biroq oradan ko‘p o‘tmay aloqa uzilgan.

Qutqaruv xizmatlari paromning Buruan Sapudi orolidan qariyb 19 dengiz mili shimolda ekanini aniqlagan. Yong‘in vaqtida yaqin hududda bo‘lgan Meratus Project 3 yuk kemasi yonuvchan yuk tashiyotgani sababli alanga ichidagi paromga yaqinlasha olmagan.

“Basarnas” e’lon qilgan videolarda paromdan qalin qora tutun ko‘tarilgani aks etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarda esa qutqaruv nimchalarini kiygan yo‘lovchilar palubada yordam kutayotgani, ayrimlari esa jon saqlash maqsadida o‘zlarini dengizga tashlagani ko‘rinadi.

Bildirilishicha, hozirda qidiruv-qutqaruv amaliyoti davom etmoqda. Yong‘inning kelib chiqish sababi hozircha aniqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 iyul kuni Gayana sohillari yaqinida 133 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosi bo‘lgan parom ag‘darilib ketgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing