Grenlandiya Tramp bilan bog‘liq neft kompaniyasiga “qat’iy ogohlantirish” berdi

Olam

image

Grenlandiya hukumati AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bog‘liq neft kompaniyasi mahalliy hokimiyatdan ruxsat olmasdan qidiruv-burg‘ilash uskunalarini hududga olib kirganidan so‘ng “qat’iy ogohlantirish” berdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Texasda 2025 yilda tashkil etilgan Greenland Energy kompaniyasi Grenlandiyaning sharqiy sohilidagi Jeymson-Lend hududida neft qidirish uchun ikkita quduq burg‘ilashni rejalashtirmoqda. Kompaniya bu loyihaga 60 million dollar sarflashini va hudud ostida 1 trillion dollarlik xom neft zaxirasi bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Biroq Grenlandiya hukumati kompaniyaga burg‘ilash uskunalarini sohilga tushirish uchun ruxsat berilmaganini ma’lum qilgan. Hukumat “Barcha kelgusi logistika ishlari amalga oshirilishidan oldin mineral resurslar organiga ma’lum qilinishi va tasdiqlanishi kerak”, deya ogohlantirgan.

Ma’lum qilinishicha, iyul oyida mahalliy aholi Jeymson-Lend sohiliga barja orqali 12 ta konteyner olib kelinganini ko‘rgan. Grenlandiya hukumati uskunalar Greenland Energy kompaniyasining rejalashtirilayotgan neft qidiruv-burg‘ilash ishlari uchun olib kelinganini tasdiqlagan.

Kompaniya raisi Larri Svets loyihaning AQSH tomonidan Grenlandiyani anneksiya qilish rejalariga aloqasi yo‘qligini aytgan. U kompaniya vakili iyun oyida mahalliy yig‘ilishda uskunalarni olib kirish uchun ruxsat borligini noto‘g‘ri aytganidan keyin “loyihaga bo‘lgan qiziqishimiz chalkashlik keltirib chiqaradigan tarzda muloqot qilishimizga sabab bo‘ldi”, deya tan olgan.

Grenlandiya 2021 yilda ekologik sabablarga ko‘ra yangi neft litsenziyalarini berishni to‘xtatgan. Shu bilan birga, Britaniyaning 80 Mile kompaniyasi Jeymson-Lendda qidiruv ishlarini olib borish huquqini olgan va Greenland Energy ushbu loyihaning asosiy ulushini moliyalashtirish evaziga qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda.

Nashrning yozishicha, Greenland Energy kompaniyasi avval ikkita quduq burg‘ilashni rejalashtirgan bo‘lsa, hozircha bitta quduqdan boshlashini bildirgan. Kompaniya Grenlandiya rasmiylari bilan so‘nggi uchrashuvlar “konstruktiv” o‘tganini va burg‘ilash uchun zarur qolgan ruxsatlarni olishda “ijobiy siljish” borligini aytgan.

Grenlandiya hukumati uskunalarni hududdan olib chiqishni talab qilish “mutanosib bo‘lmasligini” bildirgan. Burg‘ilashga ruxsat berish bo‘yicha ariza hozir ko‘rib chiqilmoqda. Greenland Energy vakili burg‘ilash uskunalari ortilgan kema 12 sentyabr kuni Kanadadan yo‘lga chiqishini, quduqlarni burg‘ilash esa oktyabr oyida boshlanishini aytgan.

Trampning Grenlandiya bo‘yicha vakili, Luiziana gubernatori Jeff Lendri esa hudud kelasi yil neft qazib chiqarishi mumkinligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Grenlandiya aholisi orolning Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilishi uchun ovoz beradigan bo‘lsa, har bir fuqaroga 1 million dollar miqdorida to‘lov taklif etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing