Fransiyadagi qamoqxonalar rekord darajada to‘lib ketdi

Olam

image

Fransiyadagi jazoni ijro etish muassasalarining to‘lishi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi. Joriy yil 1 avgust holatiga ko‘ra, ularda 89 ming 668 nafar mahbus saqlanmoqda. Bu bir yil oldingiga nisbatan 6,5 foizga ko‘p. Vaholanki, qamoqxonalar bor-yo‘g‘i 63 303 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib, “Le Figaro” gazetasi xabar berdi.

Gazetaning yozishicha, gap Fransiyadagi axloq tuzatish muassasalarining “surunkali to‘lib-toshishi fonida o‘rnatilgan yangi rekord” haqida bormoqda. Kameralarda o‘rindiqlar yetishmasligi sababli polga 7 956 ta matras joylashtirishga to‘g‘ri kelgan – bir yil ichida ularning soni 43,5 foizga ortgan. Qisqa muddatga hukm qilinganlar yoki sud jarayonini kutayotgan va shu sababli aybsiz deb hisoblanadigan shaxslar saqlanadigan tergov hibsxonalarining to‘lish zichligi 175 foizni tashkil etgan. Oqibatda Fransiya qamoqxonalarining umumiy to‘lish darajasi 141,6 foizga yetgan.

Joriy yilning boshida Yevropa Kengashi Fransiyadagi qamoqxonalar ahvolini tanqid qilib, o‘z ma’ruzasida ularning “odamlar saqlanadigan omborxonalar”ga aylanib qolish xavfi borligini ma’lum qilgan. Hujjatda antisanitariya va zo‘ravonlik holatlariga ham e’tibor qaratilgan. O‘z navbatida, Ozodlikdan mahrum qilish joylari bo‘yicha bosh boshqaruvchi Dominik Simonno iyul oyi boshida e’lon qilingan hisobotda Fransiyada qamoqxonalar to‘lib-toshganini bartaraf etishga qaratilgan “umummilliy miqyosdagi chora-tadbirlar” yo‘qligidan afsusda ekanini bildirgan.

Adliya vazirligi modulli qamoqxonalarda qo‘shimcha 3 mingta o‘rin yaratishni rejalashtirmoqda. Ushbu o‘rinlarning yarmi 2027 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. 

“Shu bilan birga, 2018 yilda ishga tushirilgan milliy rejada ko‘zda tutilgan 15 mingta qo‘shimcha qamoqxona o‘rnidan uchdan bir qismidan kamrog‘i yaratildi”, deb eslatdi “Le Figaro”. 

Simonnoning fikricha, “qamoqxonalar to‘lib-toshishining hozirgi o‘sish sur’atlarini hisobga olganda, yangi muassasalar qurish muammoga munosib yechim bo‘la olmaydi”. Muammoni bartaraf etish uchun “har olti haftada bittadan ishol muassasasini foydalanishga topshirish kerak edi”. Yevropa Kengashining 2025 yilgi baholashiga ko‘ra, Fransiya qamoqxonalarning to‘lib-toshish darajasi bo‘yicha Yevropadagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biriga ega: u bu borada Turkiya bilan birgalikda birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing