Filippindagi zilzila oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Avvalroq, Filippin janubida 7,8 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Hodisa oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘ldi, binolar vayronaga aylandi, elektr ta’minotida uzilishlar va sunami xavfini yuzaga keldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, zilzila epitsentri Mindanao oroli sohillarida, General-Santos shahri yaqinida joylashgan. Asosiy silkinishdan keyin ko‘plab aftershoklar qayd etilgan, ulardan birining magnitudasi 6,7 ga yetgan.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati binolarning qulashi, vayronalar bosib qolishi va ko‘chkilar qurboni bo‘lgan. 200 dan ortiq kishi jarohat olgan. Ayrim hududlarda turarjoy binolari, maktablar, yo‘llar va infratuzilma ob’ektlariga shikast yetgan.

Zilziladan so‘ng Filippinning sohilbo‘yi hududlari va qo‘shni davlatlar uchun sunami xavfi e’lon qilingan. Keyinchalik bu ogohlantirish bekor qilingan.

Filippin Prezidenti Ferdinand Romualdes Markos-kichik jabrlangan hududlarda darslarni to‘xtatish va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun qo‘shimcha kuchlarni safarbar qilishga buyruq bergan. Qutqaruvchilar vayronalarni tozalash va ehtimoliy jabrlanganlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.

Ma’lumot uchun, Filippinlar tarixida eng kuchli va eng fojiali zilzilalardan biri 1976 yil 17 avgustda Moro qo‘ltig‘ida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda magnituda 7,9–8,1 ni tashkil etgan zilzila va undan keyingi sunami 700 kilometrdan ortiq qirg‘oq hududini qamrab olib, taxminan 5 mingdan 8 minggacha inson hayotiga zomin bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing